Eron majburiy hijob talabini bekor qildi

Olam

image

Eron ayollar uchun hijob o‘rash talabini bekor qildi, uni o‘ramaslik uchun jarima va qonuniy sanksiyalar qo‘llanmaydi. Bu haqda Eronning maqsadga muvofiqligini baholash kengashi a’zosi Muhammadrizo Bahonar ma’lum qildi.

“Huquqiy va sud nuqtai nazaridan qaraganda, hijob to‘g‘risidagi qonun loyihasi endi ijro etilmaydi. Eronda hijob o‘rash qonuniy ravishda majburiy emas va u hech qanday jarima yoki boshqa huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi. Agar sizda muammo bo‘lsa, politsiyaga murojaat qiling”, dedi u jurnalistlarga.

Bahonar har bir davlatning o‘ziga xos kiyinish qoidalari borligi, ularga rioya qilish kerakligi, shuningdek, hukumat qarorlari ham bajarilishi lozimligini ta’kidladi. Ayni paytda “ba’zilar majburiy hijobga intilmoqda” va parlament binosi oldida norozilik namoyishi o‘tkazmoqda.

Avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ham hijob haqidagi qonunga qarshi chiqib, ilgari bunday usullardan foydalanib, hijob kiyishni to‘xtatishga majburlab bo‘lmaganidek, “odamlarni zo‘rlab hijob kiyishga majburlab bo‘lmaydi” degan edi.  

2022 yil 16 sentyabrda Eron fuqarosi Mahsa Amini ro‘molni noto‘g‘ri o‘rashda ayblanib, axloq politsiyasi tomonidan hibsga olinganidan so‘ng vafot etgandi. O‘shanda u 22 yoshda edi. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, qizning yurak xuruji bo‘lgan. Qarindoshlari, o‘z navbatida, Mahsaning yuragi bilan bog‘liq muammo yo‘qligini ta’kidlab, uning o‘limi sababini hibsda kaltaklanganligi deb atagan.

Aminining dafn marosimidan so‘ng Eron g‘arbida “Ayol, hayot, erkinlik!” shiori ostida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Ko‘p oylar davomida tartibsizliklar davom etdi. Nohukumat tashkilotlarga ko‘ra, namoyishlar paytida 550 dan ortiq namoyishchi halok bo‘lgandi, 7 kishi qatl etilgandi. Minglab odamlar hibsga olingandi.

Eron hukumati esa tartibsizliklarni G‘arb davlatlari qo‘llab-quvvatlaganini aytib, ularni o‘z OAVlari orqali provokatsion xabarlar tarqatganlikda, shuningdek, aholini inqilob va hokimiyatni ag‘darishga chaqirganlikda aybladi. Huquq-tartibot idoralari G‘arb davlatlari, Isroil va Saudiya Arabistoni razvedka xizmatlari tomonidan yollangan shaxslarni ommaviy hibsga oldi, shuningdek, mamlakat chegaralarida tartibsizlik ishtirokchilariga mo‘ljallangan katta hajmdagi qurollarni deyarli har kuni musodara qilib bordi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstriya hukumati 14 yoshgacha bo‘lgan maktabda tahsil olayotgan o‘quvchi qizlarga hijob o‘rashni taqiqlamoqchiligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron hijob Mas'ud Pezeshkiyon Muhammadrizo Bahonar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing