Eron supertankeri AQSH blokadasini yorib o‘tdi

Olam

image

Eronga tegishli juda katta neft tankeri (VLCC) AQSH tomonidan joriy etilgan dengiz blokadasini muvaffaqiyatli kesib o‘tdi. Bu haqda “Fars” agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2 million barrel neft tashish imkoniga ega supertanker hech qanday to‘siqlarsiz o‘z manziliga yetib borgan. Sanksiyalar ostida bo‘lgan ushbu kema ochiq dengiz orqali harakatlanib, Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tgan va Eron suv hududiga kirganda pozitsiyalash tizimini yoqqan.

AQSH va Isroil harbiy amaliyoti boshlanganidan so‘ng, Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatni cheklashini e’lon qilgan edi. Blokada jahon neft narxlarining oshishiga olib kelgan, ammo keyinchalik AQSH va Eron o‘rtasida ikki haftalik vaqtinchalik sulh kelishuvi e’lon qilingach, narxlar pasaygan.

Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar Pokistonda o‘tkazilgan, biroq kelishuvga erishilmagan.

AQSH joriy yilning 13 aprelidan boshlab Hormuz bo‘g‘ozini blokada qilganini e’lon qilgan va 15 aprel holatiga ko‘ra, hech bir kema bu to‘siqni yorib o‘ta olmaganini bildirgan edi.

Tehron esa bu blokadani “muvaffaqiyatsiz” deb baholagan. Shuningdek, Rossiya, Xitoy va Buyuk Britaniya kabi davlatlar ham bu choraga qarshi chiqishgan.

“The Wall Street Journal” ma’lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni va boshqa neft eksport qiluvchi davlatlar AQSHga bosim o‘tkazib, blokadani bekor qilishni talab qilmoqda. Ular Eron husiylar orqali Bab-el-Mandeb bo‘g‘ozini ham yopib qo‘yishidan xavotir olishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSH tomonidan e’lon qilingan blokadaga qaramay Rich Starry tankeri joriy yilning 14 aprel kuni Hormuz bo‘g‘ozi orqali muvaffaqiyatli o‘tgandi. Kema taxminan 250 ming barrel etanol tashigan. Yuklash Birlashgan Arab Amirliklari portlaridan birida amalga oshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh blokada Hormuz bo'g'ozi supertanker

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing