Eron AQSHning 240 mln dollarlik dronini yo‘q qildi
Olam
−
11:53 6829 2 daqiqa
Eron mudofaa tizimlari AQSH dengiz kuchlariga tegishli qimmat razvedka dronini yo‘q qildi. Bu haqda “Military Watch Magazine” xabar berdi.
Xabarlarga ko‘ra, Fors ko‘rfazi hududida qiymati taxminan 240 million dollar bo‘lgan MQ-4C Triton urib tushirilgan. AQSH Harbiy-dengiz kuchlari 14 aprel kuni bu apparat yo‘qolganini tasdiqlagan, biroq tafsilotlarni ochiqlamagan.
Ma’lum qilinishicha, 9 aprel kuni dron parvoz kuzatuv tizimlarida favqulodda 7700 signalini bergan va qisqa vaqt ichida taxminan 15 km balandlikdan 3 km dan pastga keskin tushib ketgan, shundan so‘ng radarlaridan yo‘qolgan. Eron OAVlari esa bu holatni o‘z havo mudofaasi tomonidan muvaffaqiyatli urib tushirilgan deb talqin qilgan.
MQ-4C Triton AQSH arsenalidagi eng qimmat va texnologik murakkab uchuvchisiz apparatlardan biri hisoblanadi. Uning narxi 235–250 million dollar atrofida bo‘lib, xizmatda atigi 20 taga yaqin shunday dron mavjud. Qiymati jihatidan u hatto ayrim jangovar samolyotlardan, jumladan F-15E qiruvchi samolyotlari va MQ-9 zarba dronlaridan ham qimmat turadi.
Bu hodisa 2019 yilda sodir bo‘lgan voqeani eslatadi. O‘shanda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi RQ-4A Global Hawk dronini Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida urib tushirganini ma’lum qilgan edi.
MQ-4C Triton aslida Global Hawk platformasi asosida yaratilgan bo‘lib, uzoq masofali dengiz razvedkasi uchun mo‘ljallangan. U 13 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘ta oladi va uzoq vaqt davomida havoda qolish imkoniyatiga ega. Qurilmada zamonaviy radar tizimlari, optik va infraqizil kuzatuv vositalari hamda radio razvedka uskunalari mavjud bo‘lib, u orqali olingan ma’lumotlar real vaqt rejimida sun’iy yo‘ldosh orqali uzatiladi.
Mutaxassislarning fikricha, bunday dronlar juda ilg‘or bo‘lsada, kuchli havo mudofaa tizimlari mavjud hududlarda ularning himoyasi (yashovchanligi) savol ostida qolmoqda.
Shuningdek, xabarlarda aytilishicha, Eron Isfahon yaqinidagi harbiy ob’ektlarda ham faol choralar ko‘rmoqda: yerosti raketa bazalariga kirish yo‘llari tozalangan va ayrim aerodromlarning uchish-qo‘nish yo‘laklari vaqtincha yaroqsiz holatga keltirilgan.
Live
Barchasi