Eron o‘z sportchilariga “dushman” mamlakatlarga sayohat qilishni taqiqladi 

Sport

image

Eron milliy va klub sport jamoalariga “dushman” deb baholangan mamlakatlarga safar qilishni taqiqladi. Bu haqda mamlakat Sport vazirligi bayonotiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Qaror xavfsizlik nuqtai nazaridan “keyingi xabarnomagacha” amal qiladi. Bayonotda aytilishicha, Eron sportchilari va jamoa a’zolarining xavfsizligini ta’minlay olmaydigan hamda dushman deb baholangan davlatlarda milliy va klub jamoalarining ishtiroki taqiqlanadi. Biroq qaysi davlatlar ro‘yxatga kiritilgani ochiqlanmagan.

Vazirlik, shuningdek, Eron futbol uyushmasi va klublardan Osiyo futbol konfederatsiyasini o‘yinlarni “dushman mamlakatlar”dan boshqa joyga ko‘chirish masalasida xabardor qilishni talab qilgan.

Qayd etish joiz, joriy yilning 17 mart kuni Eron futbol assotsiatsiyasi prezidenti Mehdi Toj terma jamoaning 2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlarini AQSHdan Meksikaga ko‘chirish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini bildirdi. Biroq FIFA o‘yinlar jadvali o‘zgarmasligini bildirib, barcha jamoalar avval tasdiqlangan taqvim asosida ishtirok etishini kutayotganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Eron futbol uyushmasi bayonot berib, “biz Amerikani boykot qilamiz, ammo Jahon chempionatini emas”, deya aniqlik kiritdi.

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tkaziladi. Unda Eron terma jamoasi Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bilan bir guruhdan joy olgan bo‘lib, guruh bosqichidagi o‘yinlar AQSHda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron rasmiylari mamlakat terma jamoasi futbolchisi Sardor Azmunning mol-mulkini uning AQSH va Isroil bilan aloqalari tufayli musodara qilmoqchiligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Osiyo sport jamoalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing