Eron va AQSH o‘rtasida yadroviy muzokaralar boshlandi
Olam
−
06 fevral 1681 2 daqiqa
Bugun, 6 fevral kuni Ummon poytaxti Maskatda Eron va AQSH delegatsiyalari o‘rtasida yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar Ummon diplomatlari vositachiligida rasman boshlandi. Bu haqda Eronning “Mehr” agentligi xabar berdi.
Eron delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi boshchilik qilmoqda. Avvalgi muzokara bosqichlari ishtirokchilaridan tashqari, delegatsiyaga TIV rahbarining iqtisodiy diplomatiya bo‘yicha o‘rinbosari Hamid G‘anbari ham qo‘shilgan. AQSH muzokara guruhiga esa Prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff rahbarlik qilmoqda. Delegatsiyaga Jared Kushner ham qo‘shilgan.
Muzokaralar boshlanishidan avval har ikki delegatsiya rahbari Ummon Tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaidiy bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Bir necha soat avval Eron TIV rahbari Tehron muzokaralarga “vijdonan, avvalgi tajribani to‘liq inobatga olgan holda va o‘z huquqlarini himoya qilishga qat’iy bel bog‘lagan holda” kirishayotganini ma’lum qilgan. Eron uchun asosiy ustuvor masala – sanksiyalarni bekor qilish yoki yumshatishdir. Xabarlarga ko‘ra, Vashington muzokaralar kun tartibini kengaytirishga intilgan, biroq Tehron faqat yadroviy dastur masalasini muhokama qilishga rozi bo‘lgan.
Bungacha “Axios” nashri o‘z manbalariga tayanib, AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralar asosan arab ittifoqchilarining AQSH Prezidentiga bosimi tufayli o‘tkazilayotganini yozgan. Nashrning yozishicha, mintaqaning kamida to‘qqiz davlati rahbarlari Oq uy rahbaridan uchrashuvni bekor qilmaslikni so‘ragan.
2025 yilda AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Abbos Aroqchi Ummonda Eron yadroviy dasturi bo‘yicha besh raund muzokara o‘tkazgan. Mamlakatlar o‘rtasidagi muloqot natijasiz yakunlangan. Iyul oyida AQSHning Eron yadroviy ob’ektlariga hujumidan so‘ng shaxsiy aloqalar to‘xtatilgan.
26 yanvar kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronni yadroviy quroldan to‘liq voz kechishni nazarda tutuvchi “adolatli va teng huquqli” bitim tuzishga chaqirgan edi.
Live
Barchasi