Eronda harbiy vertolyot bozor ustiga qulab tushdi (video)
Olam
−
24 fevral 5080 1 daqiqa
Bugun, 24 fevral kuni Eronning Isfahon viloyatida harbiy vertolyot halokatga uchrashi oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron armiyasiga tegishli vertolyot aholi gavjum bo‘lgan hudud – meva-sabzavot bozori yaqiniga qulab tushgan. Halokat oqibatida vertolyot bortida bo‘lgan ikki uchuvchi, shuningdek, bozorda savdo qilayotgan ikki nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumgan.
Vertolyot yerga urilgach, kuchli yong‘in kelib chiqqan. Voqea joyiga zudlik bilan favqulodda vaziyatlar xizmati, o‘t o‘chiruvchilar va tez tibbiy yordam brigadalari yetib borgan. Qisqa vaqt ichida yong‘in bartaraf etilgan. Rasmiylar hodisa oqibatida boshqa jabrlanganlar bor-yo‘qligiga aniqlik kiritmoqda. Halokat sabablari hozircha rasman e’lon qilinmagan.
O‘tgan hafta ham Eron harbiy-havo kuchlariga tegishli AQSHda ishlab chiqarilgan F-4 qiruvchi samolyoti g‘arbiy Hamadon viloyatida o‘quv-mashg‘ulot parvozi vaqtida halokatga uchragan edi. Mazkur voqea oqibatida bir uchuvchi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepaldagi Everest cho‘qqisi yaqinida vertolyot qulab tushishi oqibatida bortdagi barcha odam halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi