Eronda rejimni ag‘darishga uringan 2 kishi qatl etildi
Olam
−
04 aprel 4429 2 daqiqa
Bugun, 4 aprel kuni Eron Oliy sudining qarori bilan 2 mahkum – Abulhasan Muntazir hamda Vohid Banimerian amaldagi islomiy hukumat tomonidan ta’qiqlangan Eron mujohidlar partiyasiga a’zo bo‘lganlikda ayblanib qatl etildi. Shuningdek, ularga islomiy rejimni ag‘darishga urinish ayblovi ham qo‘yilgan. Bu haqda Eron Oliy sudiga tayanib, “Al Jazeera” xabar berdi.
Eron Oliy sudi Abulhasan Muntazir va Vohid Baniamerianni davlat rejimini ag‘darishga urinish, qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etish, hamda terroristik bosqinlarni sodir etganlikda aybdor deb topgan va ularni o‘lim jazosiga hukm qilgan. Hukm bugun, 4 aprel tongida ijro etilgan. Eron Oliy sudi ushbu xabarni tasdiqlab, mamlakat sud tizimining rasmiy veb-saytida post qoldirgan.
“Bugun, 4 aprel tongida Abulhasan Muntazir va Vohid Baniamer amaldagi davlat rejimiga va Eron xalqining xavfsizligiga taxdid qilganlarini tan olib, o‘z ayblariga iqror bo‘lganlaridan so‘ng osib o‘ldirildi. Eron xalqining xavfsizligiga taxdid kechirilmas jinoyat hisoblanib, bu ishni sodir etgan kimsalar eng oliy jazoga hukm qilinadi”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Eron mujohidlar partiyasi ham o‘zining rasmiy saytida ularning qatl etilganini tasdiqlagan hamda Abulhasan Muntazir va Vohid Baniamerni “shahid” deb e’lon qilgan. Qolaversa, tashkilot joriy yilning 2 aprelida qatllarni qoralab, rasmiy Tehronning harakatlarini muxolifatni bostirish uchun “behuda urinish” deb atagan.
“Ushbu shafqatsiz qatllar muxolifatning ovozini o‘chirmaydi, aksincha, isyonkor Eron yoshlarining tuzumni ag‘darishga bo‘lgan qat’iyatini kuchaytiradi. Biz o‘z yo‘limizdan qaytmaymiz va yaqin orada zolim rejimning ag‘darilishiga ishonamiz ”, deyiladi tashkilot xabarida.
Ma’lumot o‘rnida, Eron mujohidlar partiyasi dastlab Erondagi shoh rejimiga qarshi bo‘lgan va 1979 yilgi islom inqilobini qo‘llab-quvvatlab, Ruhulloh Homanaiyni Oliy rahnomo sifatida tan olgan. Biroq 1980 yillarning oxiriga kelib tashkilot Tehrondagi yangi rahbariyat bilan kelisholmay qolganidan so‘ng Eronda “terrorchi” tashkilot deb e’lon qilingan. O‘shandan buyon partiya o‘z faoliyatini surgunda, hususan Livanda yuritib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda yoshlar terma jamoasining 19 yoshli kurashchisi Solih Muhammadiyga nisbatan o‘lim hukmi ijro etilib, sportchi Qum shahrida osib o‘ldirilgani haqida xabar berilgan edi.
Hojiakbar Muhammadjonov
Live
Barchasi