Eronda uch kunlik motam e’lon qilindi
Olam
−
09:25 11803 2 daqiqa
Kecha, 11 yanvar kuni Eron hukumati ko‘cha namoyishlari vaqtida halok bo‘lganlar xotirasiga uch kunlik motam e’lon qildi. Bu haqda “Khaleej Times” xabar berdi.
Rasmiylarning bildirishicha, norozilik namoyishlarini bostirish chog‘ida 38 nafar huquq-tartibot xodimi halok bo‘lgan.
Bayonotda hukumat “AQSH va sionistik rejimga qarshi milliy qarshilikda jon bergan shahidlar xotirasiga” uch kunlik motam e’lon qilganini ma’lum qilgan, ya’ni hokimiyat mamlakatda bo‘layotgan namoyishlarda AQSH va Isroilning qo‘li borligini alohida ta’kidlagan.
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon fuqarolarni milliy qarshilik marshida ishtirok etishga va zo‘ravonlikni qoralashga chaqirgan. U mamlakatni beqarorlashtirishga urinishlarga yo‘l qo‘ymasligini aytib, ommaviy noroziliklarni uyushtirishda AQSH va Isroilni ayblagan.
Eronda norozilik namoyishlari 2025 yil dekabr oyi oxirida milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi va narxlarning tez oshishi fonida boshlangan. Namoyishchilar siyosiy tuzumni o‘zgartirishni va 1979 yilda ag‘darilgan shohning o‘g‘li Rizo Pahlaviyning hokimiyatga kelishini talab qilmoqda. Huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, noroziliklar boshlanganidan buyon kamida 538 kishi yaralangan, ular orasida 48 nafar xavfsizlik kuchlari xodimi bor. 10,6 mingdan ortiq kishi hibsga olingan, mamlakatda esa uch kundan ziyod vaqt davomida internet o‘chirilgan.
Eslatib o‘tamiz, eronliklar so‘nggi bir necha kun davomida qurolli tartibsizliklar paytida halok bo‘lgan xavfsizlik kuchlari a’zolari uchun ommaviy dafn marosimlarida qatnashgandi. Dafn marosimlari Sheroz, Qum va Hamadon shaharlarida bo‘lib o‘tgan.
Kecha, 11 yanvar kuni esa AQSH senatori Lindsi Grem Eron xalqiga murojaat qilib, ularga Amerika tomonidan yordam borayotganini aytgandi. Gremning aytishicha, yaqin orada namoyishlarga chiqqan Eron xalqiga AQSH tomonidan ko‘mak boradi va Oyatulloh rejimiga barham beriladi.
Live
Barchasi