Eron harbiylari jangovar tayyorgarlikni eng yuqori darajaga ko‘tardi
Olam
−
11 yanvar 18730 2 daqiqa
Mamlakatdagi barqarorlikka jiddiy tahdid solayotgan ommaviy xalq norozilik namoyishlari fonida Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy mamlakatning kuch tuzilmalari jangovar shaylik darajasini maksimal holatga ko‘tardi. Bu daraja hatto o‘tgan yil iyun oyida Isroil bilan bo‘lgan urush paytidagidan ham yuqori. Bu haqda “The Telegraph” gazetasi yuqori martabali eronlik manbaga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Oyatulloh harbiylar va politsiya safida xiyonat va dezertirlik bo‘lishidan jiddiy xavotirda. Ulardan ayrimlari namoyishchilarga qarata o‘q uzishdan bosh tortgani uchun allaqachon hibsga olingan.
Eronning rahbari o‘z taqdirini to‘liq Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga ishonib topshirgan. Aynan shu tuzilmaga qo‘zg‘olon qamrab olgan ko‘chalarni to‘liq nazoratga olish buyrug‘i berilgan.
Shuningdek, yer ostidagi “raketa shaharlari” ham to‘liq jangovar shay holatga keltirilgan, ularning kamida to‘rttasi mavjud. Rasmiy ravishda bu qadam tashqi tahdidlarga qarshi choralar bilan izohlanmoqda. Tehronda AQSH Prezidenti Donald Trampning har qanday aralashuvi o‘tgan yilgi Isroil bilan bo‘lgan cheklangan mojarodan tubdan farq qiladigan “apokaliptik urush”ni qo‘zg‘atishi mumkin, degan xavotir mavjud.
9 yanvar kuni Eron harbiy kemalari Janubiy Afrika suvlarida Xitoy va Rossiya kemalariga qo‘shilib, Keyptaun sohillari yaqinida o‘tkazilishi rejalashtirilgan harbiy-dengiz mashg‘ulotlarida ishtirok eta boshladi. Aytish joizki, ushbu manevrlar Pretoriya va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni yanada murakkablashtirishi mumkin.
Shunga qaramay, nashr manbalariga ko‘ra, Eron tuzumi hozir omon qolish rejimida harakat qilmoqda. Xomanaiyng yaqin safdoshlari esa Oliy rahbar Moskvaga qochib ketmoqchi degan mish-mishlarni rad etib, u Tehronda qolishini aytgan.
Ma’lumot uchun, mamlakatda ommaviy namoyishlar 28 dekabrdan buyon davom etmoqda. Ular Tehrondagi markaziy bozorda boshlangan bo‘lib, ko‘plab do‘kon egalari giperinflyatsiya va narxlarning keskin oshishiga norozilik sifatida savdo shoxobchalarini yopgan.
29 dekabr kuni Eron milliy valyutasi – rial tarixiy minimum darajaga tushdi: bir rial taxminan 0,00002 yevroga teng bo‘ldi. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, oktyabr oyida Eronda oziq-ovqat inflyatsiyasi 64,2 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatni antireytingda faqat Janubiy Sudan ortda qoldirgan.
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi tartibsizliklarni AQSH va Isroil tomonidan uyushtirilgan, deya baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li – Rizo Pahlaviy AQSH Prezidenti Donald Trampdan mamlakatidagi ommaviy norozilik namoyishlariga aralashib, Oyatulloh rejimini ag‘darishda yordam berishni so‘ragandi.
Live
Barchasi