Erondagi o‘zbekistonlik futbolchilar haqida ma’lumot berildi
Sport
−
02 mart 9763 2 daqiqa
AQSH va Isroil tomonidan Eron hududiga qilingan hujumlardan so‘ng mamlakatda to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar ahvoli yaxshi va ularning ayrimlari Eronni tark etib ulgurgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bildirilishicha, hozirda O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi va “Istiqlol” futbolchisi Rustam Ashurmatov Dubayda bo‘lib turibdi.
“Traktor” futbolchisi Odil Hamrobekov esa hozirda Toshkentda. “Persepolis” futbolchisi Oston O‘runov ayni damda Eron chegarasidan Turkiya davlatiga o‘tmoqda.
Igor Sergeyev esa kecha, 1 mart kuni chegaradan o‘tish uchun yo‘lga otlangan.
“Istiqlol” klubining yana bir a’zosi Jaloliddin Masharipov ayni damda Italiyada reabilitatsiya jarayonini o‘tkazmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.