Eronga hujum. Arab mintaqasi 194 mlrd dollargacha yo‘qotishi mumkin

Olam

image

Yaqin Sharqda besh haftadan beri davom etayotgan harbiy eskalatsiya arab mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida keskin orqaga ketishga olib kelishi mumkin. Ammonda (Iordaniya) taqdim etilgan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hisoboti mualliflari shunday xulosaga kelgan.

BMT ekspertlarining dastlabki baholashicha, mintaqa umumiy YAIMning 3,7 foizidan 6 foizigacha yoki 120–194 milliard dollar yo‘qotish xavfi ostida turibdi. Bu mablag‘ arab mintaqasining 2025 yilda erishgan butun iqtisodiy o‘sishidan ham ko‘proq. Shu bilan birga, ishsizlik darajasi 4 foizga oshishi mumkin, bu esa 3,6 million ish o‘rnining yo‘qotilishiga teng.

4 millionga yaqin kishi qashshoqlik chegarasidan pastga tushib qolishi mumkin. Hisobot mualliflari hatto qisqa muddatli mojaro ham uzoq vaqt davomida saqlanib qoladigan chuqur va keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib kelishini ta’kidlamoqda.

Eng jiddiy makroiqtisodiy yo‘qotishlar Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi mamlakatlari uchun prognoz qilinmoqda. U yerda savdo va energiya bozorlariga yuqori darajadagi bog‘liqlik iqtisodiyotni ayniqsa zaif qilib qo‘yadi. Ushbu subregionda YAIMning pasayishi 5,2–8,7 foizga yetishi mumkin.

Qashshoqlikning eng keskin o‘sishi (5 foizga) Sharqiy O‘rta Yer dengizi hududida kutilmoqda, u yerda yana 2,85–3,3 million kishi yashash uchun mablag‘siz qolishi mumkin. Bu mintaqadagi qashshoqlik umumiy o‘sishining 75 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Eng kam rivojlangan arab davlatlarida ham, ularning iqtisodiyoti dastlabki barqarorligi pastligini hisobga olganda, oqibatlar sezilarli bo‘ladi. Shimoliy Afrikada mojaroning potensial ta’siri o‘rtacha deb baholanmoqda.

BMTTD Inson taraqqiyoti indeksining pasayishi haqida ogohlantirdi: mintaqa bo‘yicha ko‘rsatkichning 0,2–0,4 foizga tushishi kutilmoqda, bu esa erishilgan darajadan yarim yil yoki hatto bir yilga orqaga qaytish demakdir. Fors ko‘rfazi davlatlarida esa pasayish yanada salmoqliroq – ikki yillik rivojlanishgacha bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan bog‘liq harbiy operatsiya yaqin haftalarda yakunlanishini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Fors ko'rfazi Eronga hujum Arab mintaqasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing