Eronga aloqador 30 dan ortiq kema AQSH blokadasini yorib o‘tdi

Olam

image

Kamida 34 ta Eronga aloqador tanker Arab dengizi chegarasida kemalar harakatini to‘sib turgan AQSH harbiy kemalari yonidan suzib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda dengiz trafigini kuzatuvchi Vortexa ma’lumotlariga tayanib, “Financial Times” nashri xabar berdi. 

Qayd etilishicha, ular orasida Eronning qiymati qariyb 1 milliard dollarlik neftini olib chiqib ketgan bir nechta tankerlar ham bor. Blokadani ikki tomonlama yorib o‘tgan tankerlar soni, AQSH Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan kuch ishlatish tahdidi ostida ortga qaytarilgan kemalar sonidan ko‘proqni tashkil etmoqda. Markaziy qo‘mondonlik kecha, 21 aprel kuni bergan xabariga ko‘ra, blokada boshlanganidan beri Eron portlarini tark etmoqchi bo‘lgan 28 ta kemadan ortga qaytish talab qilingan.

Donald Tramp CNBC telekanaliga bergan intervyusida AQSH blokadasini “ulkan muvaffaqiyat” deb atagan. U Vashington Tehron bilan “yakuniy kelishuv”ga erishmaguncha blokada bekor qilinmasligiga va’da bergan.

AQSH Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan tashkil etilgan blokada

Eron portlaridan kemalar chiqishi va ularga kirishiga taqiq joriy yilning 13 aprel kuni joriy etilgan edi. 16 aprel kuni esa AQSH ochiq dengizda ham Eronning “soyadagi floti” tankerlarini, shuningdek, hozirgi harbiy nizoda Eron foydalanishi mumkin bo‘lgan yuklarni tashuvchi kemalarni ta’qib qilishini e’lon qildi. Shundan so‘ng Ummon qo‘ltig‘ida bitta konteyner tashuvchi kema to‘xtatildi, Hind-Tinch okeani mintaqasida esa amerikaliklar sanksiya ostidagi tankerni bortga chiqish yo‘li bilan egallab oldi.

“Vortexa” ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 19 ta Eronga aloqador tanker Fors ko‘ltig‘ini tark etib, Hormuz bo‘g‘ozi va Ummon ko‘rfazidan o‘tgan, yana kamida 15 tasi Arab dengizidan Eron tomon yo‘l olib, Fors ko‘rfaziga kirgan. Ko‘rfazini tark etgan kemalarning kamida oltitasi 10,7 mln barrel Eron neftini olib ketayotgani tasdiqlangan.

Eron nefti Brent etalon navidan arzonroq sotiladi. Agar chegirma 10 dollar deb hisoblansa, ushbu hajm eronliklarga taxminan 910 mln dollar daromad keltirishi kerak.

O‘z navbatida, Eron bugun, 22 aprel kuni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) harbiy-dengiz kuchlari ikkita savdo kemasini – MSC Francesca va Epaminondasni qo‘lga olib, o‘z hududiy suvlariga kuzatib qo‘yganini ma’lum qildi. Eron ham kemalar harakatini to‘sib qo‘ymoqda, biroq bu ishni o‘zi nazorat qiladigan Hormuz bo‘g‘ozi orqali amalga oshirmoqda. Bugun, 22 aprel kuni ertalab Buyuk Britaniya dengiz idoralari bo‘g‘ozda ikkita kema hujumga uchraganini xabar qildi, biroq bayonotda ularning qo‘lga olingani haqida aytilmagan. 

Gretsiya Dengiz ishlari vazirligi esa Gretsiya kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Epaminondas kemasi IIQK tomonidan qo‘lga olingani haqidagi ma’lumotni rad etdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron blokada Arab dengizi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing