Eronni eplab bo‘lmayapti. Xalq bosh ko‘tardi

Tahlil

Eronda so‘nggi kunlarda yuzaga kelgan vaziyat tobora keskin tus olmoqda. Mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari o‘ta nozik va xavfli bosqichga kirib boryapti. 4 yanvar kuni Hukumat harbiylarining keng ko‘lamli aralashuvi fonida namoyishlar bostirilishi kutilgan edi. Biroq, vaziyat kun sayin og‘irlashib, Hukumat nazorati sustlashmoqda. Bugun, 9 yanvar holatiga ko‘ra, Erondagi ichki to‘qnashuvlarning 12 kuni davom etmoqda.

Davlat rahbariyatiga qarshi namoyishlar tobora keng hududlarni qamrab olyapti. Noroziliklar endi nafaqat yirik shaharlarda, balki qishloqlar va chekka hududlarda ham kuzatilmoqda. Turli ijtimoiy qatlamlar – ishchilar, savdogarlar, yoshlar va talabalar norozilik harakatlariga qo‘shilayotgani vaziyatning jiddiyligini oshiryapti.

28 dekabr kuni og‘ir iqtisodiy ahvol sabab boshlangan namoyishlar qisqa fursatda siyosiy tus oldi. Ko‘chalarda “Diktatorga o‘lim”, “Pahlaviy qaytib keladi” kabi shiorlar yangramoqda. Bu manzaralar ko‘pchilikka 1979 yildagi Islom inqilobi davrini eslatdi.

Tehron markaziy ko‘chalari minglab odamlar bilan to‘lib-toshdi. Shu bilan birga, Eronning asosiy savdo markazlari hisoblangan ko‘plab bozorlarda savdogarlar do‘konlarini yopib, norozilik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ish tashlash e’lon qildi.

Namoyishlarga turtki bo‘lgan asosiy omil mamlakatdagi chuqur iqtisodiy inqirozdir. Milliy valyuta – riyalning keskin qadrsizlanishi asosiy mahsulotlar narxining deyarli har soatda oshishiga sabab bo‘ldi. 9 yanvar holatiga 1 AQSH dollari 994 055 Eron riyaliga teng bo‘lmoqda. Aholi orasida bu holat mamlakat iqtisodiy halokat yoqasiga kelib qolgani haqidagi qarashlarni kuchaytirdi.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tahliliy videoreportajni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

Eron namoyishlar norozilik Diktator

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing