Eronning bu nonko‘rligiga “temir musht” bilan javob beramiz – Aliyev (video)
Olam
−
05 mart 17008 4 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Eronning Naxechivonga qilgan hujumuni “nonko‘rlik” sifatida baholab, bu tajovuzga “temir musht” bilan javob qaytarishini bildirdi. Bu haqda u bugun, 5 mart kuni Xavfsizlik kengashi yig‘ilishda so‘z ochdi.
Bugun, 5 mart kuni Eron tomonidan Ozarbayjon hududidagi Naxechivon xalqaro aeroporti, uning terminal binosi, maktab va boshqa turar joylar kabi fuqarolik ob’ektlari hujumga uchradi. Ozarbayjon hukumati Eron rasmiylaridan izoh berilishini, uzr so‘ralishi va sodir etganlarni jinoiy javobgarlikka tortilishini talab qildi.
Aliyev bunday dushmanona voqealar avval ham Eron tarafidan bir necha bor sodir etilganini aytdi.
“Barchamiz yaxshi eslaymizki, bundan oldin Eron maxsus xizmat organlari tomonidan yo‘naltirilgan shaxs Tehrondagi Ozarbayjon elchixonasiga terror hujumi uyushtirgandi. Ushbu qonli voqeada bir fuqaro halok bo‘lgan, yana bir fuqaro og‘ir jarohat olgan edi. 40 daqiqa davom bu hujumda Erondan hech qanday xavfsizlik yoki politsiya vakili elchixonaga kelishni lozim ko‘rmadi. Bu buyruq Eronning eng yuqori rahbar qatlamlaridan berilganini ham bilamiz. O‘sha vaqtda Ozarbayjon bu voqega juda keskin javob bergan. Ozarbayjon o‘z elchixonasini Eron hududidan evakuatsiya qilib, diplomatik aloqalarni to‘xtatgandi. Eron tomonini uzr so‘rashga, aybini tan olishga majbur qilingandi. Shuningdek, terrorchini Eron davlati majbur bo‘lib, Ozarbayjon vakillari oldida qatl etdi”, deydi Aliyev.
Bugungi mazkur hodisda ortidan esa davlat rahbari Ozarbayjon Qurolli kuchlari tarkibida birinchi darajali safarbarlikni e’lon qildi.
“Ha, o‘tgan yilning yoz oylarida va undan keyin Eron bizga asossiz ayblovlar qo‘ygan. Eron davlat organlari nazoratidagi media resurslari Ozarbayjonni obro‘sizlantirish maqsadida kampaniya olib borgan. Ular yaxshi biladiki, hozirgi mustaqil Ozarbayjon Eron hududida yashovchi ko‘plab ozarbayjonliklar uchun umid manbaidir. Ularga Ozarbayjonni obro‘sizlantirish va yomon ko‘rsatish maqsadi bo‘lgan”, degan Prezident yig‘ilishdagi nutqida.
Shuningdek, u Ozarbayjon Eron hududiga qarshi hech qanday operatsiyaga qo‘l urmaganini, bundan keyin ham qo‘l urmasligini aytgan.
“Bizning siyosatimiz shundan iborat: qo‘shni davlatlarga qarshi operatsiya qilishga qiziqishimiz yo‘q va siyosatimiz bunga imkon bermaydi. Biz o‘z hududiy yaxlitligimizni himoya qilamiz va himoya qilib kelmoqdamiz, xuddi Armaniston hujumini to‘xtatganimiz kabi. Har qanday yomon niyatli kuchga qarshi o‘z qudratimizni namoyish etishga tayyormiz va Eron buni unutmasin. Ularning bu terroristik harakati, boshqa jirkanch harakatlar bilan birga, nonko‘rlik namunasidir”, deydi Aliyev.
Aliyev shaxsan Eron elchixonasiga borib, Xomanaiy vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirganini, boshqa hech bir davlat rahbari Eron elchixonasiga bormagani ta’kidlagan.
“Ular bizning qudratimizni sinamasinlar. Bizning qudratimizni sinashga uringanlarning boshiga “temir musht” bilan zarba beramiz. Bugungi voqea ham bundan mustasno emas”, deya ta’kidlagan.
Shuningdek, Aliyev Eron tomoni rasmiy Bakuga qo‘ng‘iroq qilib yordam istaganini va kerakli yordamni berganini aytgan.
“Bugun ertalab menga ma’lum qilindiki, Eron Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Livanda qolgan Eron elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishda Bakuga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘radi. Men darhol samolyot jo‘natilishi haqida ko‘rsatma berdim. Hozir qiyin damda yordam bermasak, qachon yordam beramiz, deya harajatlqrni qoplashiga yo‘l qo‘ymadik. Barcha bu voqealarga qaramay, Naxichevonga qilingan zarba ularning jirkanch yuzidan hech qachon o‘chmaydi. Ozarbayjon xalqiga ishonch bildirishimiz mumkinki, har qanday yovuz niyatli kuchga qarshi bizning temir mushtimizni ular, albatta, ko‘radi”, degan Aliyev nutqining so‘ngida.
Eronning Ozarbayjonga hujumi
Bugun, 5 mart kuni Eron raketasi Ozarbayjonning Naxichevon Muxtor Respublikasi hududidagi aeroportga qulab tushdi.
Naxichevon Ozarbayjonning Eron, Turkiya va Armaniston bilan chegaradosh eksklavi bo‘lib, Janubiy Kavkazda strategik jihatdan muhim hudud hisoblanadi. Agar bu hodisa tasdiqlansa, mintaqaviy xavfsizlik va siyosiy vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mazkur voqeadan so‘ng, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi. Unda bitta dron Naxichevon xalqaro aeroportining terminal binosiga zarba bergan, yana boshqa bir dron esa Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga tushgan. Hududdagi maktab o‘quvchilar va o‘qituvchilari esa evakuatsiya qilingan.
Mazkur voqeadan so‘ng Eron Islom Respublikasining Ozarbayjondagi favqulodda va muxtor elchisi Mujtabo Demirchilu Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan, u yerda Eron tomoniga keskin norozilik bildirilgan va tegishli norozilik notasi topshirilgan.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Eronning Naxichevon Muxtor Respublikasidagi aeroportga qilgan hujumi javobsiz qolmasligini bildirgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qilib, hujumdan jiddiy xavotir bildirgan.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Eronning Naxichevonga qilgan hujumini terroristik deb atadi va buning uchun uzr so‘rashi kerakligini aytgan.
Live
Barchasi