Eronning Saudiyaga bergan zarbasida 15 amerikalik harbiy yaralandi

Olam

image

Kamida 15 nafar amerikalik harbiy xizmatchi Eron tomonidan Saudiya Arabistonidagi aviabazaga berilgan zarba oqibatida yaralangan. Ulardan besh nafari og‘ir ahvolda ekani aytilmoqda. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

28 mart kuni “ Prince Sultan Air Base” aviabazasiga uyushtirilgan hujum kamida 6 ta ballistik raketa va 29 ta dronni o‘z ichiga olgan.

“The Wall Street Journal” ma’lumotiga ko‘ra, zarba vaqtida harbiylar bazadagi binolardan birida bo‘lgan.

29 mart kuni Eron markaziy harbiy shtabi vakili Ibrohim Zolfaghari videomurojaatda Eron hujumi oqibatida yonilg‘i quyuvchi harbiy samolyotlardan biri to‘liq yo‘q qilinganini, yana uchta samolyot shikastlanib, ishdan chiqqanini aytgan.

Eronning OAVlari e’lon qilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida zarbadan so‘ng bazada bir nechta samolyotlar vayron bo‘lgani ko‘rsatilgan. Ushbu baza hafta boshida ham ikki marta hujumga uchragan bo‘lib, o‘shanda 14 nafar amerikalik harbiy yaralangani xabar qilingan edi.

Amerikaning uzoq masofadan radiolokatsion kuzatuv va boshqaruv samolyoti – Boeing E-3 Sentry yo‘q qilingani haqida BBC ham yozgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH harbiy-havo kuchlari tarkibida bunday samolyotlardan 16 ta qolgan bo‘lib, ulardan 6 tasi Fors ko‘rfazida joylashtirilgan. Shunday samolyotlardan birining yo‘qotilishi AQSH va Isroilning Eron bilan urushdagi imkoniyatlarini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.

Mazkur aviabaza Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddan taxminan 96 km uzoqlikda joylashgan. U Saudiya Qirollik harbiy-havo kuchlari tomonidan boshqariladi, biroq AQSH kuchlari tomonidan ham foydalaniladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fors ko‘rfazining beshta davlati AQSHga Eronga zarba berish uchun o‘z hududlari va havo hududini taqdim etgandi. Bu davlatlar sirasiga Bahrayn, Qatar, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Saudiya Arabistoni kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Saudiya Arabistoni Isroil Ibrohim Zolfaghari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing