Tehronning “Qo‘g‘irchoq teatri” yoxud “Qarshilik o‘qi”

Tahlil

image

Oyatuloh Ali Xomanaiy o‘ldi. Tehron hukumati xalqiga Oliy rahnamo uchun qasos olishga va’da berdi. Xo‘sh, dunyoning eng qudratli harbiy salohiyatiga ega AQSH va uning “erkatoyi” bo‘lmish Isroilga qarshi Eron qo‘lida nimalar bor?

2026 yilgi “Global Firepower” reytingiga ko‘ra, dunyoning 16-eng qudratli davlati hisoblanmish Eronning harbiy strategiyasi asosan asimmetrik urush, ya’ni dushman ustidan texnologik emas, balki kutilmagan zarbalar va son jihatdan ustunlik qilishga asoslangan. Raketa arsenalida Xoramshahr-4 o‘rta masofali ballistik raketalar Fattah-1 va Fattah-2 gipertovushli tezkor raketalar, Shahab-3 va Emad nomli AQSH harbiy bazalariga va Isroil hududlarigacha yetib bora oluchi ballistik qurollar mavjud.

Shuningdek, “Shahid-136” nomli “kamikadze” dronlar va “Shahid-149” deb ataluchi 35 soat davomida uchib 13 tagacha bomba olib yurish imkoniyatiga ega uchuvchichisiz havo apparatlari mavjud. 600 mingdan ortiq askardan iborat armiya va bir nechta suvosti kemalari Eron harbiy qudratining asosidir.

Xo‘sh, bo‘ldimi, shu xolosmi, degan savol xayolinggizga kelgan bo‘lishi tabiiy. Yo‘q, albatta. Mamlakat chegaralari ortida rasmiy tan olinmaydigan, ammo hammaga ma’lum bo‘lgan bir nechta Eron armiyalari yoki siyosiy til bilan aytganda proksi kuchlari mavjud.

Tehronning “Qo‘g‘irchoq teatri” yoxud “Qarshilik o‘qi”

Yaqin Sharq — go‘yo ulkan va qonli shaxmat taxtasi. Bu taxtada shunday o‘yinchilar borki, ular bevosita jangga kirmaydi, balki “shaxmat donalari”ni parda ortidan turib suradi. Mintaqa siyosatida ko‘rinadigan front chizig‘i bilan ko‘rinmaydigan ta’sir chizig‘i o‘rtasida katta farq bor. Ana shu “ko‘rinmas chiziq” markazida ko‘pincha Eron nomi va uning proksi guruhlari turadi. 

Proksi kuchlar – (inglizcha proxy – vakil, birovning nomidan harakat qilish vakolati) bu davlatlar  xalqaro maydondagi o‘z manfaatlarini bevosita ochiq urushga kirmasdan, balki boshqa davlatlar, guruhlar, harbiy kuchlar orqali amalga oshiradigan bilvosita ta’sir vositasi yoki jaydari qilib aytganda mamlakatlar miqyosidagi yollanma jangchilar guruhi.

Zamonaviy geosiyosiy “o‘yinlar”ning muhim bir qismiga aylanib ulgurgan ushbu tushuncha haqida gap ketganda Eron Islom Respublikasining eslanishi odat tusiga kirib qolgan. AQSH manbalarida terror so‘zi bilan ko‘p hollarda yonma-yon keladigan “Hizbulloh”, husiylar yoki HAMAS kabi qator guruhlarning Erondan eng kamida yordam olishi haqidagi mish-mishlar sizning ham qulog‘inggizga chalingan bo‘lsa kerak. 

Tehron o‘zining bevosita urushga kirmasdan turib mintaqadagi raqiblariga bosim o‘tkazish strategiyasini “Qarshilik o‘qi” (Axis of Resistance) nomi bilan ataydi. Bu atama rasmiy ittifoq shartnomalariga emas, mafkuraviy yaqinlik va strategik manfaatlarga asoslangan tarmoqni anglatadi. “Qarshilik o‘qi” Isroil va AQSHning mintaqadagi ta’siriga qarshi turuvchi ittifoq sifatida talqin qilinadi. O‘q tarkibidagi harbiy, siyosiy guruhlar Eronning o‘z chegaralaridan yuzlab kilometr uzoqlikda dushmanlarini tiyib turish uchun yaratgan “jonli qalqoni”dir. 

“Qarshilik o‘qi” deganda odatda Livandagi “Hizbulloh”, Falastindagi HAMAS va “Falastin Islomiy jihodi”, Iroqdagi “Hashd ash-Shaabi” tarkibidagi ayrim shia qurolli guruhlar hamda Yamandagi Ansorulloh (husiy harakati) tilga olinadi. Ularning har biri alohida mahalliy kontekstga ega, biroq umumiy maslak – AQSH va Isroil ta’siriga qarshilik hamda Eron bilan ideologik hamda harbiy aloqalar ularni bog‘lab turadi. 

Tehronning bu guruhlarni moliyaviy, harbiy va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlayotgani haqida G‘arb manbalari ko‘p bora da’vo qilgan. Eron esa odatda bu yordamni “ma’naviy va siyosiy ko‘mak” sifatida talqin qiladi. Haqiqatni esa ko‘pincha ochiq manbalardan topish mushkul. Bir tomonda mana necha yildirki xalqaro sanksiyalar girdobida jon saqlab kelayotgan, giperinflyatsiya va korrupsiya botqog‘ida qolgan davlatning doimiy faol bo‘lgan jangari guruhlar uchun o‘z byudjetidan pullar ajratishi qanchalik mantiqan, degan savol o‘ylantiradi. Ammo kuniga millionlab barrel neftni Xitoyga sotuvchi Erondan ko‘p narsani kutish mumkinligini ham unutmaslik kerak. Bundan tashqari proksi urushlarni moliyalashtirish bevosita urushga kirishdan ko‘ra ancha arzonroq ham. Go‘yo shaxmat taxtasida shohni himoya qilish uchun piyodalarni oldinga surish kabi Eron ham Isroil va AQSH kuchlarini o‘z chegaralaridan uzoqroqda band qilib turish maqsadida HAMAS yoki “Hizbulloh” kabi guruhlarni ishga solishi mumkin.

Bundan tashqari, proksi kuchlar Eronning mintaqadagi ta’sirini kengaytiradi. Livandan Yamangacha cho‘zilgan “ta’sir kamari” Eronni mintaqaviy kuch sifatida saqlanib qolishiga yordam beradi. Qo‘shning tinch – sen tinch deganlaridek, devoringgiz ortida nima bo‘layotganini bilib turish va nazorat qilish tunda beo‘ylov uxlashinggizga imkon beradi.

Shu o‘rinda proksi kuchlarning kamchiliklari haqida ham aytib o‘tish lozim. Bunday harbiy guruhlar ko‘p hollarda faqat birgina davlat tomonidan moliyalashtirilmaydi, bu degani yagona boshqaruv yo‘q, kim pulini bersa uning istagani bo‘ladi. Bundan tashqari yuqorida eslangan guruhlar mustaqil aktorlar sifatida ham harakat qilish imkoniyatiga ega. Ikkinchidan, bu guruhlar faqat beqarorlik bor joyda yashay oladi. Ular davlat ichidagi davlatga aylanib, Livan yoki Iroq kabi mamlakatlarning milliy suverenitetini yemiruvchi “saraton hujayralari”ga aylanadi. 

Garchi qator harbiy guruhlar yetaklchilari Erondan “yordam” olishini bir necha bor tan olgan bo‘lsada, Tehron buni yuqoridan nazorat uchun emas, ittifoqchilik va mafkuraviy ko‘mak sifatida talqin qilib keladi. Ammo, siyosatda har qanday yordam ham insonparvarlikdan bo‘lavermaydi, ayniqsa ushbu ko‘maklar qon to‘kilishiga sabab bo‘lsa. Yemoqning qusmog‘i bor, deganlaridek o‘zi shundoq ham murakkab iqtisodiy holatdagi Tehronning pullari evaziga bu guruhlar ham nimadir qilib berishi kerak. 

Proksi urushlar tarixi

Yaqin Sharqda har bir portlash ortida faqat o‘q-dorining emas, strategiyaning ham izi bor. Ko‘plab G‘arb mutaxassislari so‘nggi o‘n yilliklardagi qator mojarolarni Eron bilan bog‘laydi va uning “proksi urushlar” orqali mintaqani shakllantirayotganini ta’kidlaydi. Biroq bu tasvir qanchalik ob’ektiv, qanchalik geosiyosiy targ‘ibot mahsuli — bu ham ochiq qolayotgan savol.

Eronning ilk yirik proksi tajribasi sifatida ko‘pincha 1982 yilgi Livan voqealari tilga olinadi. Isroilning Livanga bostirib kirishi fonida Tehron Livan shialari orasidagi mafkuraviy yaqinlikdan foydalanib, “Amal” harakatidan ajralib chiqqan “Hizbulloh”ni siyosiy, moliyaviy va harbiy qo‘llab-quvvatladi. Dastlab “inqilobni eksport qilish” va Isroilga qarshi kurash shiori ilgari surildi. Vaqt o‘tishi bilan “Hizbulloh” Isroilga nisbatan jilovlovchi kuchga, Eron esa Sharqiy O‘rta Yer dengizida ta’sir doirasini kengaytiruvchi o‘yinchiga aylandi. Shaxmat taxtasida o‘yinni piyoda sifatida boshlangan figura keyinchalik vazir darajasiga chiqdi. Fuqarolar urushidan keyin Hizbulloh qurolni topshirmay siyosatga kirdi va “davlat ichidagi davlat” tusini oldi. Tanqidchilar buni Livan suverenitetiga tahdid desa, tarafdorlar “qarshilik qalqoni” sifatida talqin qiladi.

Iroqda esa jarayon yanada murakkab bo‘ldi. 1980 yillarda Eron–Iroq urushi sharoitida Baqir al-Hakim boshchiligidagi shia muhojirlar Iroq Islom inqilobi oliy kengashini va uning harbiy qanoti – Badr brigadasini tuzdi. Ular Xumayniy ilgari surgan “faqih viloyati” g‘oyasini qabul qilib, Tehron bilan mafkuraviy yaqinlashdi. 2003 yilgi AQSH bosqinidan so‘ng Eron “ikki ustunli” strategiyani qo‘lladi: bir tomondan siyosiy integratsiya, ikkinchi tomondan qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlash. 2014 yilda ISHID tahdidi ortidan tuzilgan Hashd ash-Shaabi rasmiy tuzilma bo‘lsada, eronparast fraksiyalarning ta’siri sezilarli bo‘lib qoldi. Natijada Iroq siyosati bamisoli ko‘rinmas iplar bilan tortilayotgan qo‘g‘irchoq teatriga aylanib qoldi. Saylovlar bor, ammo qarorlar parda ortida hal qilinardi, real kuch muvozanati murakkab edi. Biroq bu yerda ham bir jihatni unutmaslik kerak — Iroq ichki siyosiy bo‘linishlari va AQSHning o‘zi boshlab bergan mamlakatdagi beqaror rejim ham ushbu jarayonni shakllantirgan omillardandir.

Isroil qo‘shnisi Suriyada ham Tehronning proksi kuchlari borligi ko‘p bora siyosiy doiralarda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lgan. 2011 yilda Suriyada urush boshlangach, Eron avval maslahatchilar yubordi, keyin esa bevosita aralashdi. “Hizbulloh”, shuningdek afg‘on va pokistonlik jangchilardan tuzilgan “Fotimiyon” brigadasi va “Zaynabiyon” brigadasi frontga tashlandi. 2015 yildan Eron muntazam qo‘shin kiritib, operatsiyalarni muvofiqlashtirdi. Natijada Bashar Asad hokimiyati saqlanib qoldi. Tehron esa Livangacha cho‘zilgan ta’minot yo‘lagini mustahkamladi va Isroilga qarshi yangi front ochdi. Garchi buning ortidan Eron Isroil uchun yana bir bosh og‘riq yarata olgan bo‘lsada, ammo buning narxi — iqtisodiy bosim, sanksiyalar bo‘ldi.

Falastin masalasida esa HAMAS va “Falastin Islomiy jihodi” bilan hamkorlik Eronning “oldinga surilgan mudofaa” konsepsiyasiga mos keladi. Moliyaviy va harbiy yordam HAMASning salohiyatini oshirdi, G‘azo esa Isroilga qarshi qo‘shimcha bosim nuqtasiga aylandi. Shu bilan birga, Falastin masalasi Eronning musulmon dunyosidagi imijini kuchaytiruvchi yumshoq kuch vositasi hamdir.

Yamanda Ansorulloh bilan aloqalar 2010 yildan keyin chuqurlashdi. 2015 yil Saudiya boshchiligidagi urush ortidan Eron yordami oshgani aytiladi. Ballistik raketalar, dronlar va texnologik tajriba husiylarning salohiyatini keskin kuchaytirdi. Bugun ular Qizil dengiz savdo yo‘llariga tahdid sola olmoqda. Bu Eron uchun Arabiston yarimorolida “uzoq qo‘l” vazifasini bajaradi. Ammo yana savol tug‘iladi: bu mustaqil mahalliy harakatmi yoki to‘liq boshqariladigan proksimi? Zaydiylik va Eronning o‘n ikki imomchi shialigi o‘rtasidagi farqlar jarayonni yanada murakkablashtiradi.

Urushda Eronning proksi kuchlari qanchgalik yordam bera oaldi?

Yaqin Sharqda keskinlik yana alangalangan bir paytda Eron yana o‘zining ko‘p yillik strategik tayanchiga – proksi kuchlariga tayanishga urinishi mumkinmi? Tehron o‘n yillab davomida “to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, bilvosita urush” modelini shakllantirdi. Yiliga millionlab dollarlar bilan moliyalashtirilgan ushbu guruhlar bugun Eronga har qachongidanda ko‘proq kerak. Teoriyaga ko‘ra, Eronning mintaqadagi jangari ittifoqchilari ayni damdagi keskinlik fonida bir nechta front ochib, Isroilni chalg‘itishi, harbiy va siyosiy bosimni oshirishi mumkin. Nazariyada bu – kuchli mexanizm, ammo amalda esa vaziyat ancha murakkab.

Livandagi “Hizbulloh”, G‘azodagi HAMAS hamda boshqa mayda guruhlar Isroil uchun turli yo‘nalishlardan xavf tug‘dira oladi. Agar ular to‘liq quvvat bilan harakatga kelsa, Tel-Aviv bir vaqtning o‘zida shimol, janub va hatto Suriya hududi orqali bosim ostida qolishi mumkin. Bu esa Isroilning to‘g‘ridan to‘g‘ri Eronga qilishi mumkin bo‘lgan hujumlari ehtimoli pasayadi.

Ammo bugungi vaziyatda “nazariya” va “real siyosat” orasidagi farq katta. Proksi kuchlar idealizm bilan emas, moliya bilan harakatga keladi. Ularning logistika, qurol, maosh va infratuzilmasi milliardlab dollarlik mablag‘ talab qiladi. Eron esa so‘nggi oylarda iqtisodiy sanksiyalar, ichki inflyatsiya va ketma-ket norozilik namoyishlari bosimi ostida. Mamlakat ichida ijtimoiy keskinlik kuchaygan, aholi turmush darajasi pasaygan bir paytda hukumatning chetdagi jangari guruhlarga millionlab dollar ajratishi siyosiy jihatdan ham xavfli, iqtisodiy jihatdan ham og‘ir yuk. 

Suriyada ham Eron avvalgidek erkin emas. Mamlakatdagi siyosiy konfiguratsiya o‘zgargan, yangi kuch markazlari paydo bo‘lgan. Xususan, Ahmad ash Shara sahnaga chiqqanidan so‘ng Eron proksilarining ta’siri sezilarli darajada qisqardi. Isroilning muntazam havo zarbalari, Rossiya va boshqa mintaqaviy o‘yinchilarning o‘z manfaatlarini ilgari surishi Tehronning harakat maydonini toraytirdi. Natijada, Suriyadagi Eron tarmoqlari avvalgi qudratidan ancha uzoqlashgan.

Shunday bo‘lsada, proksi kuchlar butunlay samarasiz, deyish ham noto‘g‘ri. Ular hali ham Isroil uchun xavf omili bo‘lib qolmoqda. Biroq bu xavfning real harbiy ta’sirga aylanishi uchun moliyaviy va siyosiy iroda zarur. Hozir esa Eronning qo‘li bog‘liq. Bir tomonda – iqtisodiy tanglik, ikkinchi tomonda – AQSH va Isroildan kelayotgan raketalar.

28 fevral voqealari fonida Yamandagi husiylar Tehronni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qizil dengizdagi yuk tashish yo‘llariga hamda Isroil hududiga raketa va dron hujumlarini qayta boshlashga va’da bermoqda. Livandagi “Hizbulloh” harakati esa allaqachon Isroilning Hayfa shahri atrofiga keng ko‘lamli zarbalar yo‘lladi va qilingan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Ammo bunday “mushakbozliklar” qachongacha davom etarkan, hali noma’lum.

Xulosa shuki, Tehron yillar davomida milliardlab dollar sarflab yaratgan proksi tizimi bugun asosiy tayanch bo‘lishi qiyin. Yana bir muhim jihat shundaki, agar Eron o‘zi bevosita javob zarbalarini amalga oshirmasa, ichki auditoriya hukumatni zaif deb qabul qilishi mumkin. Agar ichkaridagi alanga ham kuchayib ketsa, Eron rejimi kutilganidanda tezroq qulaydi.
 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil HAMAS Eron Islom Respublikasi Hizbulloh Xomanaiy Tehronning “Qo'g'irchoq teatri” “Qarshilik o'qi” Shahid Axis of Resistance Falastin Islomiy jihodi Proksi urush

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing