Eto’o Afrika kubogidagi harakatlari uchun jazolandi
Sport
−
16 yanvar 2082 2 daqiqa
Kamerun futbol federatsiyasi prezidenti Samyuel Eto’o Afrika kubogi chorak finalining Marokashga qarshi o‘yinda sport me’yorlarini buzgani uchun to‘rtta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda “daily-sun” xabar berdi.
Uchrashuv joriy yilning 9 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan va unda Marokash terma jamoasi 2:0 hisobida Kamerun ustidan g‘alaba qozongan. Diskvalifikatsiyadan tashqari, Eto’o 20 000 dollar jarimaga tortilgan. Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) voqealarning aniq tafsilotlarini ochiqlamagan, biroq OAV xabarlariga ko‘ra, o‘yinda Eto’o Marokash qirollik futbol federatsiyasi prezidenti Fuzi Lekjaaga ishora qilib, uni haqorat qilgan.
Kamerun futbol federatsiyasi CAF qarorini e’tiborga olganini, biroq unda aniq asos keltirilmaganini ta’kidlagan. Shuningdek, tashkilot qarorni tezlashtirilgan tartibda qabul qilinganligi, adolatli sud jarayoni tamoyillarining buzilishi yuzasidan jiddiy shubhalar uyg‘otganini qayd etgan. Federatsiya esa Eto’o ning qonuniy himoya choralaridan foydalanish niyatini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, 44 yoshli Eto’o 2021 yildan beri Kamerun futbol federatsiyasi prezidenti sifatida faoliyat yuritmoqda. Futbolchilik faoliyati davomida u “Real Madrid”, “Barselona”, “Inter”, “Sampdoriya”, “Chelsi”, “Everton”, “Antalyaspor”, “Konyaspor” va “Qatar SK” kabi klublarda to‘p surgan.
Kamerun terma jamoasi safida esa Eto’o 118 ta o‘yinda maydonga tushgan va 56 ta golga mualliflik qilgan.