“Falastin bizga yordam bermagan”. Aliyev Ozarbayjon G‘azoga qo‘shin yubormasligini aytdi

Olam

image

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakati G‘azo sektorida tinchlikparvar kuchlar tuzishda ishtirok etmasligini va bu maqsadda harbiy xizmatchilar yubormasligini ma’lum qildi. Aliyev bu haqda 5 yanvar kuni mahalliy telekanallarga bergan intervyusida gapirgan.

“Umuman olganda, Ozarbayjon chegaralaridan tashqarida harbiy harakatlarda ishtirok etish masalasi ko‘rib chiqilmaydi. Biz qiyin ahvolga tushganimizda, bizni o‘z holimizga tashlab ketishdi. Hech kim bizni himoya qilmadi. Falastinga nisbatan hurmat va hamdardligimiz bo‘lishiga qaramay, u ham bizni qo‘llab-quvvatlamagan”, degan Aliyev. 

Shu bilan birga, Aliyev Ozarbayjon har doim Falastin davlatini tuzish g‘oyasini qo‘llab kelganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, BMTda, xalqaro tuzilmalar va Islom hamkorlik tashkiloti doirasida Ozarbayjon doim Falastin tarafida bo‘lgan. Shuningdek, Falastinning Ozarbayjondagi elchixonasi Baku tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.

“Men doim aytganman: arab davlatlarining masalalarini arab davlatlarining o‘zi hal qilishi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan Ozarbayjon yetakchisi. 

Prezidentning aytishicha, u AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan aloqada bo‘lgan va tinchlikparvar missiya bo‘yicha savollarni ularga yetkazgan.

“Biz 20 dan ortiq banddan iborat so‘rov tayyorlab, uni Amerika tomoniga topshirdik. Ammo bizning tinchlikparvar kuchlar tarkibida ishtirok etishimiz kutilmayapti”, degan Ilhom Aliyev. 

Ma’lumot uchun, Ozarbayjon Isroil va Turkiyaning ittifoqchisi hisoblanadi. 2023 yilning mart oyida Aliyev Isroilning Tel-Aviv shahrida Ozarbayjon elchixonasining ochilishini faol qo‘llab-quvvatlagan va urush boshlanganidan keyin ham Isroilni qo‘llashda davom etgan. 

Bakuda boshqa ko‘plab davlatlardan farqli o‘laroq, G‘azodagi janglar fonida Isroilga qarshi namoyishlar bo‘lgani haqida xabar berilmadi. Aksincha, ko‘plab fuqarolar ochiqchasiga yahudiy davlati bilan birdamlik bildirgan. Ozarbayjon Isroil bilan iqtisodiy aloqalarni to‘xtatish bo‘yicha bosimlarga ham qo‘shilmadi va yoqilg‘i yetkazib berishni to‘xtatmadi. Hatto, yetkazib berish hajmi oshirilib, Isroil iste’molining qariyb yarmiga teng darajaga yetkazildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgani va uchrashuvning asosiy mavzusi G‘azodagi sulh kelishuvining ikkinchi bosqichini kelishib olish masalasi bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Muzokaralar Trampning Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida bo‘lib o‘tadi. Unda tinchlikparvar kuchlar masalasi ham o‘rtaga tashlanishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Ilhom Aliev G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing