Farg‘onada daladan opiy olayotgan uch kishi ushlandi
3-sahifa
−
08 Oktabr 5386 2 daqiqa
Farg‘ona viloyatida dala maydoniga yashirilgan opiy giyohvandlik vositalarini olayotgan uch nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona xizmati xodimlari tomonidan tezkor tadbir olib borilgan. Tadbir davomida Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida Qo‘qon-Toshkent avtomagistral yo‘lining chetida joylashgan dala maydoniga ko‘mib yashirilgan to‘rt dona polietilen matoga joylashgan opiy giyohvandlik vositalarini olayotgan uch nafar shaxs ushlangan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida muqaddam giyohvandlik jinoyati uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan 1997 yilda tug‘ilgan ayol va uning jinoiy sheriklari — 1989 yilda tug‘ilgan hamda 1974 yilda tug‘ilgan fuqarolar transchegaraviy uyushgan narkoguruh a’zolari ekanligi, ushbu narkoguruhning a’zolari Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalarida ham faoliyat yuritishi ma’lum bo‘lgan. Tadbir davomida jami 4 kilogramm opiy giyohvandlik vositalari ashyoviy dalillar tariqasida hujjatlashtirib olingan. Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246 (Kontrabanda) va 273-moddalari (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) beshinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Hozirda qolgan jinoiy guruh a’zolarini qo‘lga olish maqsadida tezkor tadbir davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona xizmati xodimlari hamkorligida transmilliy uyushgan narkojinoyatchalikka qarshi xalqaro tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilib, 111 kg giyohvandlik vositalari musodara qilingandi.
Live
Barchasi