FIFA’ning sobiq prezidenti muxlislarni JCHga bormaslikka chaqirdi
Sport
−
27 yanvar 16984 2 daqiqa
FIFA’ning sobiq prezidenti Yozef Blatter xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sababli AQSHda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati o‘yinlarini boykot qilayotgan muxlislarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bu haqda AS nashri xabar berdi.
Blatter korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ekspert Mark Pitning fikrlarini keltirib, muxlislarni AQSHda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati bormaslikka chaqirgan.
“Muxlislar uchun bitta maslahat bor. Qo‘shma Shtatlardan qoching. Menimcha, Mark Pit turnirning o‘tkazilishiga shubha bilan qarashga haqli”, deydi Yozef Blatter.
Pit esa mamlakatdagi ichki vaziyat muxlislar uchun xavfsiz sayohatni ta’minlamayotganini ta’kidlagan.
“Biz kuzatayotgan holatlar – siyosiy raqiblarning chetlashtirilishi, immigratsiya xizmatlari tomonidan suiiste’molliklar va boshqa omillar muxlislarni AQSHga borishga undamaydi”, deydi u.
Pitning so‘zlariga ko‘ra, AQSHga kelgan muxlislar rasmiylar bilan muammoga duch kelsa, darhol mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin.
Pit muxlislarning AQSHga bormasligiga sabab sifatida joriy yilning yanvar oyi boshida Minneapolisda amerikalik immigratsiya xodimi tomonidan namoyishchi Rene Gudning o‘ldirilganini keltirgan. Blatterning bu fikrlarni qo‘llab-quvvatlashi esa o‘tgan hafta oxirida AQSH fuqarosi Aleks Prettining o‘limi ortidan yangradi.
Ma’lumot uchun, Yozef Blatter 2015 yilda bir qator mojarolar ortidan FIFA prezidenti lavozimidan iste’foga chiqqan. Uning o‘rnini Janni Infantino egallagan edi. 89 yoshli Yozef Blatter 2025 yilda Shveysariya sudi tomonidan to‘liq oqlangan edi.