Kanada Jahon chempionati oldidan viza nazoratini kuchaytiradi
Sport
−
28 yanvar 570 1 daqiqa
Kanadaning Immigratsiya, qochqinlar va fuqarolik vazirligi 2026 yilgi Jahon chempionati munosabati bilan mamlakatga kirish uchun topshirilayotgan viza arizalarini yanada qat’iy ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “The Globe and Mail” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, choralar chempionat davrida boshpana so‘rovchilar sonining oshib ketishining oldini olishga qaratilgan. Futbol uchrashuvlarini tomosha qilishni rejalashtirayotgan ayrim muxlislarning Jahon chempionati bahonasida Kanadaga kirib, keyinchalik boshpana so‘rashi ehtimoli rasmiylarni xavotirga solmoqda.
Agar migratsiya xizmati xodimlari ariza topshirgan shaxs chempionat yakunlangach o‘z mamlakatiga qaytmasligi mumkin, degan xulosaga kelsa, hatto chipta sotib olingan bo‘lsa ham viza berish yoki mamlakatga kirishga ruxsat rad etilishi mumkin.
“Immigratsiya, qochqinlar va fuqarolik departamenti FIFA tadbirlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshpana so‘rovlarini diqqat bilan kuzatib boradi. FIFA chempionatlari boshpana olish yo‘li emas”, deydi departament vakili Izabel Dyubua.
Ma’lumot uchun, Jahon chempionati joriy yilning 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida 2026 yilning 1 iyun kuni mundial mezboni Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi ma’lum qilingan edi.
Live
Barchasi