FIFA O‘zbekiston U-17 haqida maqola e’lon qildi

Sport

image

Ertaga, 8 noyabr kuni O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionati “J” guruhi 2-turi doirasida Irlandiyaga qarshi bahs olib boradi. Ushbu uchrashuv oldidan FIFA rasmiy sahifasida O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiy Islombek Ismoilov hamda futbolchi Azizbek Abdumo‘minov haqida maqola e’lon qilindi.

“O‘zbekiston Qatar mezbonlik qilayotgan FIFA U-17 Jahon chempionatidagi ishtirokini ajoyib tarzda boshlab, Paragvay ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va barchaning e’tiborini o‘ziga qaratdi. Bu natijaga bosh murabbiy Islombek Ismoilovning muhim qarori sabab bo‘ldi. Taktik sirlar uzoqqa cho‘zilmaydigan zamonda Ismoilov odatda hujumkor yarim himoyachi sifatida o‘ynaydigan, qanotda ham harakatlana oladigan Azizbek Abdumo‘minovga hujumdagi asosiy rolni topshirdi va futbolchi Paragvayga qarshi bahsda o‘zini ko‘rsatdi”, deyiladi FIFA maqolasida.

Shuningdek tashkilot Ismoilov va futbolchi Abdumo‘minov haqida to‘xtalib o‘tar ekan, murabbiyning o‘yindan keyingi fikrlarini ham qo‘shgan.

“Har bir o‘yinga ikki asosiy maqsad bilan chiqamiz: mamlakatimiz uchun g‘alaba qozonish va har bir futbolchidan maksimal foydalanish. Tan olishim kerak, Abdumo‘minov bu uchrashuv uchun bizning maxfiy qurolimiz edi. U ham jismonan, ham ruhan tayyor edi”, deya Ismoilovning so‘zlarini keltiradi FIFA.


Shu bilan birga tashkilot Ismoilov shogirdining barqarorligini ham alohida ta’kidlagan va Abdumo‘minovning U-17 terma jamoasidagi statistikasiga e’tibor berib, bu o‘yinda futbolchining ochilishini taxmin qilingani qayd etgan. Shuningdek, FIFA Abdumo‘minovning o‘yindan keyingi fikrlari bilan ham bo‘lishgan.

“Men nihoyatda baxtiyorman. Bu hisni so‘z bilan ifoda etish qiyin. Bu jamoaviy g‘alaba. Menga ishonch bildirgan murabbiylardan juda minnatdorman. Barchamiz juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. Murabbiylar menga o‘zimni ko‘rsatish imkoniyatini berganidan juda minnatdorman. Maydonga tushgan zahoti bor kuchimni berdim va o‘yinning “Eng yaxshi futbolchi” bo‘lish men uchun katta faxr. Biz bu yerga kubokni qo‘lga kiritish uchun keldik. Bu oson bo‘lmaydi, lekin biz turnirda ilgarilash va yurtimizni faxrlantirish uchun bor kuchimizni sarflaymiz”, deya Abdumo‘minovning so‘zlarini keltiradi FIFA.

Maqola so‘ngida tashkilot Azizbek Abdumo‘minov Krishtianu Ronaldu va Jud Bellingemning ashaddiy muxlisi ekanini ta’kidlab, birinchi golini murabbiy bilan, ikkinchisini esa Ronaldu uslubida nishonlaganiga alohida urg‘u bergan. Shuningdek, xalqaro futbol tashkiloti Abdumo‘minovni shunga o‘xshash gollarni Irlandiya Respublikasi bilan bo‘ladigan uchrashuvda ham kiritish umidida, deb maqolni yakunlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Islom Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatining dastlabki uchrashuvida Paragvayga qarshi 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.


Maqola muallifi

Teglar

FIFA O'zbekiston U-17 Islombek Ismoilov Azizbek Abdumo'minov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing