FIFA yangi tinchlik mukofotini e’lon qildi

Sport

image

FIFA 2026 yilgi Jahon chempionati qur’a tashlash marosimi chog‘ida yangi  “FIFA Tinchlik mukofoti – Futbol dunyoni birlashtiradi” (“FIFA Peace Award – Football Unites the World”) mukofotining birinchi sohibini e’lon qiladi. Bu haqda xalqaro futbol tashkiloti rasmiy bayonotda ma’lum qildi.

Bu mukofot endi har yili butun dunyo bo‘ylab tinchlikni mustahkamlash va insonlarni birdamlikda yashashga da’vat etish yo‘lida alohida hissa qo‘shgan shaxslarga beriladi. FIFA bu mukofot orqali “tinchsizlik va bo‘linish kuchayib borayotgan davrda mojarolarga barham berish, insonlarni tinchlik ruhida birlashtirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotganlarni” qadrlamoqchi.

Birinchi “Tinchlik mukofoti” 2025 yil 5 dekabr kuni AQSHning Vashington shahrida bo‘lib o‘tadigan  Jahon chempionati 2026 qur’a tashlash marosimi chog‘ida FIFA prezidenti Janni Infantino tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.

“Borgan sari notinch va bo‘linayotgan dunyoda mojarolarga barham berish hamda insonlarni tinchlik ruhida birlashtirish uchun astoydil harakat qilayotganlarning mehnatini e’tirof etish muhim. Futbol tinchlik tarafdori. “FIFA Tinchlik mukofoti – Futbol dunyoni birlashtiradi” bu insonlarni birlashtirib, kelajak avlodlarga umid bag‘ishlayotgan fidokor insonlarning ulkan sa’y-harakatlarini e’tirof etishdir”,  deydi FIFA prezidenti Janni Infantino.

Ma’lumot uchun, futbol bo‘yicha Jahon chempionati 2026 yil 11 iyun 19 iyul kunlari AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Bu safar musobaqa tarixida ilk bor 48 jamoa ishtirok etadi va 16 ta mezbon shaharda rekord darajadagi 104 ta o‘yin o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Futbol Jahon chempionati mukofot FIFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing