FIFA JCH-2026 uchun mukofot pullarini oshirdi

Olam

image

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2026 yilgi Jahon chempionatining mukofot jamg‘armasini 15 foizga oshirib, 871 million dollarga yetkazish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida xabar berildi.

Ushbu qaror FIFA kengashining Vankuverdagi (Kanada) yig‘ilishida “erkaklar o‘rtasidagi asosiy turnirning tijoriy muvaffaqiyati”ga tayangan holda qabul qilingan.

Yangilangan moliyaviy rejaga ko‘ra, 48 ta ishtirokchi terma jamoaning har biri avval e’lon qilingan 10,5 million dollar o‘rniga kamida 12,5 million dollardan oladi. Tayyorgarlik uchun ajratiladigan mablag‘ har bir jamoa uchun 1,5 million dollardan 2,5 million dollargacha, kvalifikatsiya badali esa 9 million dollardan 10 million dollargacha oshirilgan.

Bundan tashqari, FIFA delegatsiyalar xarajatlarini qoplash va terma jamoalar uchun chipta kvotalarini ko‘paytirish maqsadida jami 16 million dollardan ortiq subsidiya ajratgan. Daromadlarning qolgan qismi avvalgidek FIFA a’zosi bo‘lgan 211 ta assotsiatsiya orqali jahon futbolini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Mukofot pullarining qayta ko‘rib chiqilishiga milliy assotsiatsiyalarning xavotirlari sabab bo‘lgan. Ular logistika va soliqlarning yuqoriligi, ayniqsa AQSHda, turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etgan taqdirda ham moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkinligidan xavfsiramoqda. “The Guardian” nashrining xabar berishicha, ko‘plab Yevropa federatsiyalari Jahon chempionatidagi ishtirok zarar bilan yakunlanishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati ilk bor 48 ta jamoa ishtirokida, bir vaqtning o‘zida uchta mamlakat – AQSH, Kanada va Meksika hududida 11 iyundan 19 iyulgacha bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro futbol qoidalari kengashi (IFAB) kamsituvchi va noo‘rin xatti-harakatlarni bartaraf etish uchun FIFA tomonidan taklif qilingan ikkita qoidaga tuzatish kiritishni bir ovozdan ma’qullagani haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, raqib bilan to‘qnashuv yoki boshqa holatlarda og‘zini yopgan futbolchilarga qizil kartochka ko‘rsatiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati FIFA mukofot puli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing