Flik “Barselona”dan markaziy himoyachi sotib olishni talab qildi
Sport
−
27 Oktabr 5142 2 daqiqa
“Barselona” bosh murabbiyi Hansi Flik “El-Klasiko” dagi mag‘lubiyatdan so‘ng klub rahbariyatidan zudlik bilan chap oyoqli markaziy himoyachi sotib olishni talab qilgan. Bu haqda “Fichajes” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Flikning asosiy maqsadi himoyada muvozanatni tiklash va to‘p bilan o‘ynashda ishonchli o‘yinchi topish. Uning tanlovida Portugaliyaning
“Sporting” klubi futbolchisi Gonsalu Inasiu asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda. 23 yoshli himoyachi chap oyoqli, o‘yinni yaxshi o‘qiydi va yuqori pressing tizimiga mos futbolchi sifatida e’tirof etilgan.
“Transfermarkt” ma’lumotlariga ko‘ra, Inasiuning bozor qiymati 45 million yevro atrofida bo‘lib, u “Sporting” bilan 2027 yilgacha amaldagi shartnomaga ega. “Barselona” bu transferni yozga rejalashtirgan, biroq Flikning qaroridan so‘ng bu transfer qishda amalga oshirish ehtimoli ko‘rib chiqilmoqda.
Flik ichki yig‘ilishlarda prezident Joan Laporta va sport direktori Dekuga “mudofaani tezroq mustahkamlash kerak” degan fikrni bildirgan. Portugaliya OAV xabariga ko‘ra, Deko Inasiuni klub uchun “ustuvor maqsad” deb atagan. Shu bilan birga, “Barselona” La Liga tomonidan qo‘yilgan moliyaviy cheklovlar sababli transferni amalga oshirishda ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda. Klub ayrim futbolchilarni sotish yoki maoshni qisqartirish orqali yangi o‘yinchiga joy ochishni rejalashtirgan.
Ma’lumot uchun, “Barselona” joriy mavsumda 13 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa, 16 marotaba o‘z darvozasidan top olib chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Barselona” jamoasi bu pozitsiyani yopish uchun germaniyalik Niko Shlotterbekni kuzatib borayotgani haqida xabar berilgan edi.