Flik mavsumning eng yaxshi murabbiyi deb topildi
Sport
−
04 iyun 791 1 daqiqa
“Barselona” jamoasining bosh murabbiyi germaniyalik mutaxassis Xans-Diter Flik Ispaniya La Ligasining 2025-2026 yilgi mavsumida eng yaxshi murabbiy deb topildi. Bu haqda Kataloniya klubi matbuot xizmati xabar berdi.
Flik boshchiligida “Barselona” yakuniga yetgan mavsumda mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Kataloniyaliklar mavsumni 94 ochko bilan yakunlab, ikkinchi o‘rindagi “Real Madrid”dan 8 ochko ko‘p to‘pladi.
Jamoa 38 ta uchrashuvda 95 ta gol urdi va atigi oltita mag‘lubiyatga uchradi. Shuningdek, “Barselona” La Liga tarixida bir mavsum davomida barcha uy uchrashuvlarida g‘alaba qozongan ilk jamoaga aylandi.
61 yoshli Flik mazkur sovrinni ketma-ket ikkinchi bor qo‘lga kiritmoqda. Nemis mutaxassisi “Barselona”ni 2024 yilning yozidan beri boshqarib kelmoqda. Joriy yilning may oyida klub u bilan tuzilgan shartnoma 2028 yilga qadar uzaytirilganini va kelishuvni yana bir mavsumga cho‘zish imkoniyati mavjudligini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, Flik “Barselona”ga qadar “Bavariya” jamoasini boshqargan. U myunxenliklar bilan ikki marta Germaniya chempioni bo‘lgan, shuningdek UEFA Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, Germaniya kubogi va Germaniya Superkubogi g‘olibligini ham qo‘lga kiritgan.
Live
Barchasi