Tojikistonda endi folbin va sehrgarga borganlar qattiqroq jazolanadi
Olam
−
18 avgust 3187 2 daqiqa
Tojikiston hukumati mamlakat parlamentiga folbinlar, sehrgarlar va jodugarlarning xizmatidan foydalanish, ularning oldiga borishni taqiqlash va jarima joriy qilishni taklif qildi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.
Hukumat Tojikiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 482-moddasiga “Sehrgar, folbin yoki jodugarning xizmatidan foydalanish” bandini qo‘shishni taklif etmoqda.
Mazkur o‘zgarishlarga ko‘ra, sehrgar, folbin yoki jodugarga murojaat qilgan shaxslar BHMning 5 dan 10 baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi (ya’ni 40–80 dollar).
Qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida Tojikiston hukumati ezoterik amaliyotlar bilan shug‘ullanuvchilar ustidan nazoratni kuchaytirgan. O‘tgan yilning yozida Tojikiston Ichki ishlar vazirligi folbin va sehrgarlar oldiga borgan fuqarolarni hokimiyat organlariga chaqirishini, ularning ismi va suratlarini maxsus ma’lumotlar bazasiga kiritishini e’lon qilgan edi. Vazirlik buni folbin va sehrgarlardan odamlarni “qutqarish” va oxir-oqibat ularning faoliyatiga chek qo‘yish maqsadi bilan izohlagan. Qancha odam folbin va sehrgarlarga murojaat qilgani hamda hokimiyatga chaqirilgani noma’lum.
2024 yilda ham fol ochish va sehrgarlik bilan shug‘ullanish uchun jazo kuchaytirilgan edi. Parlament Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 482-moddasi 2-qismiga o‘zgartirish kiritib, aholiga qo‘llanadigan jarimani 80-100 baravargacha oshirdi va 10 kundan 15 kungacha ma’muriy qamoq jazosini qo‘shdi. Avval bu moddada faqat 60-100 baravar jarima belgilangan edi.
Bundan tashqari, Tojikiston Jinoyat kodeksining 240-moddasiga ham tuzatish kiritilgan. Unga ko‘ra, agar shaxs ma’muriy jazo olganidan keyin bir yil ichida yana folbinlik yoki sehrgarlik bilan shug‘ullansa, unga ba’zaviy hisoblash miqdorining 1500–2000 baravari (tahminan 12-16 ming dollar) miqdorida jarima yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi. Avval esa bu qilmish uchun faqat ma’muriy jazo ko‘zda tutilgan edi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida Tojikistonda 495 ta fol ochish va sehrgarlik holati aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonda folbinlik va sehrgarlik bilan shug‘ullangan 1500 kishi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi