Fransiya suv ostida: 35 kunlik yomg‘ir avjiga chiqmoqda

Olam

image

Fransiya janubi-g‘arbida suv toshqini xavfi eng yuqori – “qizil” darajada qolmoqda. “Pedro” bo‘roni allaqachon suvga to‘ygan yerga yana kuchli yomg‘ir olib keldi. Mamlakatda 35 kun davomida uzluksiz yomg‘ir yog‘moqda. Bu 1959 yildan beri kuzatilmagan rekord hisoblanadi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Meteo-Franse Jirond, Lo-e-Garon, Men-e-Luar va Sharant-Maritim departamentlarida eng yuqori ogohlantirishni saqlab qolgan. Atlantika bo‘ylab yana 20 ga yaqin hududda shamol va suv toshqini xavfi bor.

So‘nggi haftalarda 1 700 ga yaqin kishi evakuatsiya qilingan. Ekologiya vaziri Monnik Barbu ma’lum qilishicha, yomon ob-havo bilan bog‘liq kamida uch nafar inson halok bo‘lgan. Tuproq namligi esa kuzatuvlar boshlanganidan beri eng yuqori darajaga yetgan, yer yangi yomg‘irni singdira olmayapti.

Bordo shahrida Garonna daryosi sathi pasaymayapti. Mer Per Yumrik favqulodda rejani ishga tushirgan: daryo bo‘yidagi bozorlar to‘xtatilan, ayrim maktablar yopilgan, boshpanasizlar uchun panohgohlar ochilgan. Men daryosi 2000 yilgi rekorddan oshib ketishi mumkin. Ayrim yo‘llar ataylab suv ostida qoldirilib, bosim boshqa hududlarga tushmasligi ta’minlanmoqda.

Sent shaharchasida 2 000 dan ortiq uy suv ostida qolgan, yarmi jiddiy zarar ko‘rgan. G‘arbiy hududlarda temiryo‘l qatnovi izdan chiqqan, minglab xonadonlar elektr va ichimlik suvisiz qolgan.

Sinoptiklar sohil bo‘yida shamol tezligi 140 km/soatgacha yetishi, ayrim joylarda 50 millimetrgacha yomg‘ir yog‘ishini prognoz qilmoqda. Fransiya janubi-g‘arbi uchun sinovli kunlar hali tugagani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada suv toshqinlarini monitoring qiluvchi “Vigicrues” xizmati 81 departament va 154 daryoda bir vaqtning o‘zida xavf qayd etilganini bildirgan edi. Bu 1959 yildan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya suv toshqini Pedro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing