Fransiya va Gretsiya mudofaa bitimini yana besh yilga uzaytiradi
Olam
−
21 aprel 943 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kelasi hafta Gretsiyaga tashrif buyurib, ikki davlat o‘rtasidagi xavfsizlik va mudofaa bitimini yangilaydi. Bu haqda Gretsiya hukumati vakili “Reuters” agentligiga ma’lum qildi.
Fransiya va Gretsiya – uzoq yillik NATO ittifoqchilari 2021 yilda o‘zaro yordamni nazarda tutuvchi mudofaa kelishuvini imzolagan edi. Ushbu bitimga ko‘ra, tomonlardan biri hujumga uchrasa, ikkinchisi yordam berishi kerak. Shuningdek, kelishuv doirasida Afina Fransiyada ishlab chiqarilgan uchta fregat va taxminan 24 ta Dassault Rafale qiruvchi samolyotini xarid qilgan.
Makronning 24–25 aprel kunlari amalga oshiradigan tashrifi davomida ushbu kelishuv yana besh yilga uzaytiriladi va keyinchalik avtomatik ravishda yangilanib boradi.
Tomonlar, shuningdek, dengiz xavfsizligi va Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyatni ham muhokama qiladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Eron ushbu strategik bo‘g‘oz ustidan nazoratni qayta tiklaganidan so‘ng, u orqali yuk tashish vaqtincha to‘xtab qolgan. Bu esa AQSH bilan tuzilgan vaqtinchalik sulh muddati yakunlanishidan bir necha kun oldin yuz bermoqda.
Gretsiya Yevropa Ittifoqining Qizil dengizdagi kemalarni himoya qilishga qaratilgan dengiz missiyasiga rahbarlik qiladi. Shu bilan birga, Afina Hormuz bo‘g‘ozida harbiy operatsiyalarda ishtirok etishga qarshi ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Emmanuel Makron Britaniya sohillariga yaqin Bretan hududidagi ballistik raketa tashuvchi suvosti kemalari bazasidan turib mamlakat yadroviy jangovar kallaklari sonini oshirishni buyurgandi. U “Fransiyaning hayotiy manfaatlari tahdid ostida qolsa, hech qachon ikkilanmasligini” ta’kidlagan va zarurat tug‘ilsa, Yevropa ittifoqchilari bilan birgalikda “vaziyatga qarab joylashtirish” amalga oshirilishini bildirgan.
Live
Barchasi