Fransiyada Rossiya foydasiga josuslik qilganlar ushlandi
Olam
−
26 noyabr 1577 2 daqiqa
Fransiyada ikki erkak va bir ayol Rossiya foydasiga josuslik qilish hamda jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazishga urinishda gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Fransiya hukumati Rossiya manfaatlari yo‘lida josuslik va beqarorlik keltiruvchi harakatlarda gumon qilinayotgan SOS Donbass guruhini tergov qilmoqda. Ushbu nodavlat tashkilot dastlab Ukrainadagi urushdan zarar ko‘rgan tinch aholiga yordam beruvchi ko‘ngillilar jamoasi sifatida tanilgan.
Hibsga olinganlardan biri – 40 yoshli Rossiya fuqarosi – sentyabr oyida Parijdagi “G‘alaba arki” (Arc de Triomphe) yodgorligiga rossiyaparast plakatlar joylashtirganlikda ayblanmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, plakatlarni osib qo‘ygandan so‘ng u yana ikki shaxsni, jumladan 40 yoshli, Rossiya va Fransiya pasportlariga ega bo‘lgan SOS Donbass rahbari Anna ismli ayolni jalb qilgan. Anna fransuz iqtisodiy doiralaridagi shaxslar haqida ma’lumot to‘plashga uringanlikda gumon qilinmoqda.
Fransiya davlat xavfsizlik xizmati (DGSI) yil boshidan beri Annani kuzatib kelgan va uni “mamlakatning asosiy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlar”da ayblamoqda. Mart oyida unga nisbatan “xorijiy davlat foydasiga josuslik qilish” bo‘yicha tergov boshlangan. Annani 10 yilgacha qamoq jazosi kutmoqda.
Uchinchi gumonlanuvchi – 63 yoshli Vinsent Parij yaqinida istiqomat qilishi aytilgan. Biroq gumonlanuvchilarning Rossiyaga aniq qanday ma’lumot yetkazgani oshkor etilmagan. Faqatgina ularga Rossiya tomoniga muxolifatni yig‘ish va rusparast kayfiyatni mamlakat ichkarisida tarqatishga uringanlik aybi qo‘yilgani bildirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, SOS Donbass o‘zini Ukrainaning urushdan vayron bo‘lgan sharqiy hududlariga gumanitar yordam ko‘rsatuvchi tashkilot sifatida tanitadi. Biroq Fransiya razvedka xizmati DGSI bu guruh aslida josuslik bilan shug‘ullangani va Fransiyani beqarorlashtirishga qaratilgan faoliyat olib borgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya o‘smirlardan josus sifatida foydalangani haqida xabar berilgandi. Ukraina Xavfsizlik xizmati 2024 yilning bahoridan beri 700 kishini Rossiya josusi sifati hibsga olgan. Ulardan 175 nafari ukrainalik o‘smirlar bo‘lib, ularga asosan harbiy inshootlar yoki havo hujumidan mudofaa tizimlarini suratga olish, portlovchi moddalarni binolarga joylashtirish, energetika infratuzilmasi ob’ektlariga yoki ishga qabul qilish markazlariga o‘t qo‘yish kabi vazifalar yuklatilgan.
Komila Qobilova