Futbol o‘yinida 14 yoshli o‘smir halok bo‘ldi

Sport

image

Argentinada futbol o‘yini vaqtida 14 yoshli futbolchi ko‘kragiga to‘p tegishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda “Need To Know” nashri xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, fojia joriy yilning 16 iyun kuni Santyago-del-Estero provinsiyasining La Banda shahrida havaskorlar o‘rtasidagi uchrashuv davomida sodir bo‘lgan. Mahalliy “Atletiko Sarmento” yoshlar jamoasi sharafini himoya qilgan Benjamin Valentin Donofrioning ko‘kragiga to‘p qattiq zarba bilan tekkan.

Hodisadan so‘ng o‘smir darhol maysaga yiqilgan, ammo bir necha soniyadan keyin o‘rnidan turishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq bir necha qadam yurgach, yana muvozanatini yo‘qotib, yerga qulagan. Shundan keyin unda talvasa kuzatilgan va atrofdagilar zudlik bilan tez yordam chaqirgan.

Donofrio yaqin atrofdagi tibbiyot muassasasiga olib ketilayotganda yuragi to‘xtab qolgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, o‘limga yurak chayqalishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu ko‘krak qafasining chap qismiga kuchli zarba tegishi oqibatida yurak ritmi keskin buzilib ketadigan noyob, ammo o‘ta xavfli holat hisoblanadi. Bunday sindrom ko‘pincha sportchilar orasida uchraydi.

“Chuqur qayg‘u bilan yoshlar jamoamiz futbolchisi Valentin Donofrioning vafot etganini ma’lum qilamiz. Ushbu og‘ir kunlarda uning oilasi va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildiramiz. Uning klubimizdagi faoliyati xotiramizda abadiy saqlanib qoladi”, deyiladi klub bayonotida.

Hozirda prokuratura o‘smirning o‘limiga boshqa sog‘liq muammolari ham ta’sir ko‘rsatgan-ko‘rsatmaganini aniqlash maqsadida ekspertiza tayinlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gabon milliy terma jamoasining sobiq himoyachisi Irondu Mussavu-King o‘z uyida o‘lik holda topilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Argentina fojia Benjamin Valentin Donofrio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing