Futbolda katta janjal: hakam 23 futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatdi (video)
Sport
−
09 mart 21096 1 daqiqa
Bugun, 9 mart kuni Braziliyaning “Atletiko Mineyro” va “Kruzeyro” futbolchilari o‘rtasida shtat chempionati finalining so‘nggi daqiqalarida ommaviy mushtlashuv yuz berdi. Uchrashuv hakami 23 nafar futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatdi.
Final hushtagi yangragach, maydonda ikki jamoa futbolchilari hamda zaxira o‘yinchilari ishtirokida ommaviy mushtlashuv yuz bergan. Mojaroning faol ishtirokchilaridan biri – Halk bo‘ldi.
Janjal “Atletiko Mineyro” darvozaboni raqib futbolchisini yerga yiqitib, unga zarba bera boshlaganidan keyin kelib chiqqan. Mojaro tezda avj olib, unda Halk bilan birga sobiq “Atletiko” futbolchilari Gerson va Mateo Kasserra ham qatnashgan.
Hakam voqea joyida janjal ko‘lami katta bo‘lgani sabab maydonda hech kimga qizil kartochka ko‘rsatmagan va jamoalar o‘yinni rasmiy ravishda to‘liq tarkib bilan yakunlagan. Biroq keyinchalik hakam o‘yin bo‘yicha rasmiy hisobotga jami 23 ta qizil kartochka kiritgan: shundan 12 tasi “Kruzeyro” futbolchilariga, 11 tasi esa “Atletiko Mineyro” a’zolariga berilgan.
Final uchrashuvidagi yagona golni Kayo Jorje kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 26 noyabr kuni Boliviya kubogining chorak finalida “Real Oruro” va “Bluming” o‘rtasidagi uchrashuv katta janjal bilan yakunlangan va yakunda hakam 17 ta qizil kartochka ko‘rsatilgan edi.