G20 o‘zining asosiy ma’nosini yo‘qotishi mumkin – Makron
Olam
−
22 noyabr 3307 2 daqiqa
G20 xavfsizlik va iqtisodiyot sohalaridagi global inqirozlar bilan kurasha olmayapti, bu esa uning mavjudlik maqsadini xavf ostiga qo‘ymoqda. Bu haqda bugun, 22 noyabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Janubiy Afrika Respublikasining Yoxannesburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Katta yigirmalik” sammitining ochilishida so‘z ochdi.
Siyosatchining aytishicha, norasmiy xalqaro klub “o‘z siklini yakunlash arafasiga kelgan bo‘lishi mumkin”. Makron G20 a’zolari yirik inqirozlarni hal qilishda qiyinchilikka duch kelayotganini va geosiyosiy sohada yagona standart belgilashning mushkulligini tan olgan.
“Biz aniq javoblar ola bilmasak, G20 o‘z mavjudligining ma’nosini yo‘qotishi xavfi bor”, deydi Fransiya Prezidenti.
U Ukraina, Yaqin Sharq va Afrika bo‘yicha mavjud inqirozlarni eslab, ularni tartibga solish hali ham imkonsiz bo‘layotganini qo‘shimcha qilgan.
Prezidentning fikricha, ayrim davlatlar “juda ko‘p tejaydi va juda ko‘p ishlab chiqaradi”, boshqalari esa “juda ko‘p qarz oladi va haddan tashqari ko‘p iste’mol qiladi”. Bundan tashqari, dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari Jahon savdo tashkiloti qoidalariga ham to‘liq amal qilmayapti.
“Menimcha, bizga aniq va tezkor javoblar hamda imkon qadar ko‘proq a’zolarni jalb qilish zarur”, deydi Makron.
Ma’lumot uchun, G20 sammiti bugun, 22 noyabr va ertaga, 23 noyabr kunlari Yoxannesburgda bo‘lib o‘tadi. Barcha sessiyalar va ikki tomonlama uchrashuvlar yopiq formatda, OAVsiz o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning iyul oyi oxirida AQSH Prezidenti Donald Tramp Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida qatnashmasligini va uning o‘rniga boshqa birovni yuborishi mumkinligini aytib, mezbon mamlakat “juda yomon siyosat” yuritayotganini e’lon qildi. May oyida Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosaning Oq uyga tashrifi chog‘ida Amerika yetakchisi mamlakatni go‘yoki oq tanli fermerlarni qirg‘in qilishda aybladi.
Sentyabr oyi boshida Tramp yana G20 sammitida qatnashmasligini e’lon qildi. Uning o‘rniga AQSHdan vitse-prezident Jeyms Devid Vens qatnashishi kutilgan edi. Biroq, noyabr oyi boshida Prezident mamlakat umuman qatnashmasligini e’lon qildi.
Oktyabr oyi oxirida Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin G20 sammitida “shaxsan ishtirok etmasligini”, ammo mamlakat “yaxshi darajada vakillik qilinishini” aytdi. Noyabr oyi boshida Prezident ma’muriyati apparati rahbari o‘rinbosari Maksim Oreshkin Rossiya nomidan Janubiy Afrikaga tashrif buyurishi e’lon qilindi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mamlakatni 2021, 2022, 2023 va 2024 yillarda vakillik qilgan. Putin pandemiya tufayli videokonferensiya orqali o‘tkazilgan 2020 yilgi sammitda, shuningdek, 2019 yilda Osakada shaxsan ishtirok etgan.
Live
Barchasi