G7 davlatlari Ukrainaga qurol yetkazib beradi
Olam
−
09:36 2400 2 daqiqa
Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida bo‘lib o‘tgan G7 sammitida ishtirok etgan davlatlar rahbarlari Kiyevni qo‘llab-quvvatlash va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga qaratilgan yangi choralarni kelishib oldi. Bu haqda tomonlar qabul qilgan qo‘shma bayonotda aytiladi.
Bayonotda aytilishicha, G7 davlatlari Rossiyaning mudofaa-sanoat majmuasi va harbiy iqtisodiyotiga bosimni oshirish, ayniqsa neft-gaz sohasidagi cheklovlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishga kelishib olgan.
Sammit ishtirokchilari Rossiyaning neft va gaz sektoriga qarshi qo‘shimcha choralarni joriy etish uchun hozir eng qulay payt yuzaga kelganini ta’kidlagan. Bunga AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan Hormuz bo‘g‘ozining ochilishi bo‘yicha kelishuv imzolangani sabab sifatida ko‘rsatilgan.
Shuningdek, G7 mamlakatlari Ukrainani “qo‘llab-quvvatlash” siyosatini yana bir bor tasdiqlagan. Xususan, zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari, qo‘shimcha zenit majmualari, tutib qoluvchi raketalar hamda uzoq masofaga mo‘ljallangan qurol-yarog‘ yetkazib berishni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, G7 Ukrainaga o‘z hududida harbiy mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini beruvchi litsenziyalarni taqdim etish masalasini ham ko‘rib chiqadi.
Davlatlar, shuningdek, Ukrainaga kelayotgan qish mavsumini o‘tkazishda yordam berish maqsadida energetika sohasidagi ko‘makni davom ettirishga va’da bergan.
Ma’lumot uchun, G7 tarkibiga Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya va Kanada kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Eron bilan tinchlik kelishuvi imzolanishi va Hormuz bo‘g‘ozi ochilishi fonida Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni qayta tiklashni rejalashtirayotgandi.
Live
Barchasi