Garvard antisemitizm va islomofobiya uchun uzr so‘radi

Olam

image

Alan Garber boshchiligidagi Garvard universiteti rahbariyati AQSHning eng qadimiy oliygohi atrofida yuzaga kelgan antisemitizm va islomofobiya holatlari bo‘yicha ichki tergov natijalaridan so‘ng rasmiy uzr so‘radi. Bu haqda universitet tomonidan e’lon qilingan bayonotda keltirilgan.

“Biz jamiyatimizdan kutilgan yuksak talab va umidlarni ba’zi hollarda oqlay olmaganimizdan afsusdamiz”, dedi Garber o‘z bayonotida.

Ushbu tekshiruvlar 2023 yil 7 oktyabrdan keyin – HAMAS jangchilarining hujumi va Isroilning javob amaliyotidan so‘ng Garber tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan olib borilgan. Hisobotlarga ko‘ra, yahudiy va musulmon talabalar o‘z e’tiqodi yoki millatiga oid fikrlarini ochiq aytishdan qo‘rqib, tahdid yoki chetlanishga uchragan.

Natijada ikki alohida hisobot tayyorlangan:

  • Antisemitizm bo‘yicha hisobot – 311 sahifa;
  • Islomofobiyaga oid hisobot – 222 sahifa.

Ikkala hisobotda ham kampusdagi madaniyat va universitet rahbariyatining vaziyatga javobi tanqid qilinadi. Komissiyalar 2024 yil bahorida ish boshlagan va 500 dan ortiq talabalar, bitiruvchilar va xodimlar bilan 50 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazgan. Ular faktlarni tekshirish bilan emas, balki odamlarning shaxsiy hikoyalarini eshitish va ularni qayd etish bilan shug‘ullangan.

Asosiy aniqlangan holatlar:

  • Yahudiy talabalar, ayniqsa o‘zini sionist deb bilganlar 2023 yil 7 oktyabrdan keyin diniy va siyosiy e’tiqodlarini yashirishga majbur bo‘lgan;
  • Isroillik talabalar o‘zlarini chetlashtirilgan his qilgan;
  • Musulmon, arab va falastinlik talabalar diskriminatsiya, nafrat, o‘zini senzura qilish, begonalik hissi va siyosiy fikr bildirganlik uchun jazolanishdan xavotirda ekanini aytgan;
  •  Musulmon talabalarning 47 foizi o‘zini jismoniy jihatdan xavfsiz his qilmasligini bildirgan;
  • 92 foiz esa siyosiy qarashlarini ifodalaganining o‘qish yoki martabaga ta’siridan xavotirda.

Tramp va Garvard orasidagi qarama-qarshilik

Avvalroq, Tramp ma’muriyati talabalarning Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi norozilik namoyishlarida ishtirok etishini bahona qilib, bir qator universitetlar, jumladan Garvard universitetiga federal moliyalashtirishni muzlatish bilan tahdid qilgan edi. Rasmiylar, shuningdek, fuqarolik huquqlari to‘g‘risidagi qonunlarga rioya qilishlarini ta’minlash uchun Garvardga turli tashkilotlar tomonidan ajratilgan 8,7 milliard dollardan ortiq grantlarni tekshirayotganini aytdi.

Bunga javoban Garvard universiteti Trampning universitetni “isloh qilish” talablarini bajarmasligini bildirdi. Garvard professorlari federal jamg‘armalar bo‘yicha tergovga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi.

Tramp ma’muriyati, o‘z navbatida, 2,2 milliard dollarlik federal mablag‘lar to‘xtatilishi va 60 million dollarlik shartnomaning to‘xtatilishini e’lon qildi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning aytishicha, muzlatish antisemitizm qonunlariga rioya qilishni ta’minlash uchun qilingan. AQSH Soliq xizmati, shuningdek, Garvard universiteti uchun soliq imtiyozlarini bekor qilishni ko‘rib chiqayotganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Garvard Alan Garber

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing