Garvard Trampni yana sudga berdi

Olam

image

Bugun, 23 may kuni Garvard universiteti AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining universitetga xalqaro talabalarni qabul qilish vakolatini bekor qilish qarori yuzasidan sudga murojaat qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Boston shahri federal sudiga taqdim etilgan da’vo arizasida Garvard universiteti mazkur qarorni AQSH Konstitutsiyasi va boshqa federal qonunlarning “ochiqchasiga buzilishi” deb baholagan va bu holat universitet hamda 7 mingdan ortiq vizaga ega talaba uchun “halokatli oqibatlar”ni keltirib chiqarishini ta’kidlagan.

“Hukumat oddiygina bir imzo bilan Garvard talabalari safining chorak qismini hamda universitet faoliyatiga sezilarli hissa qo‘shayotgan xalqaro talabalarni yo‘q qilishga urinmoqda”, deyiladi da’vo arizasida.

Shuningdek, universitet bu qarorni “hukumatning qasosi” deb baholagan.

“Bu hukumat tomonidan Garvardning o‘z boshqaruvi, o‘quv dasturlari va talaba hamda professor-o‘qituvchilarining mafkuraviy qarashlarini nazorat qilishga doir talablari rad etilganiga nisbatan ochiqchasiga qasos olishning navbatdagi harakatidir”, deyiladi arizada.

Garvard AQSH hukumati talablarini rad etadi

Garvard universitetiga 2,2 milliard dollar federal grantlar aprel oyining o‘rtalarida muzlatib qo‘yildi. Ularni muzlatmaslik uchun universitetdan “Amerika qadriyatlari va institutlariga dushman” xorijliklarni o‘qitishni rad etish tizimini ishlab chiqish va antisemitizm va nafrat nutqining boshqa shakllari bo‘yicha mavjud dasturlarni tashqi ekspertlar bilan tekshirish kerak edi.

Universitet rahbariyati bu talablarni bajarishdan bosh tortdi va AQSH ma’muriyati ustidan sudga murojaat qilib, moliyalashtirishni tiklashni talab qildi. Aprel oyining oxirida Garvard universiteti ikkita hisobot e’lon qildi – biri kampusdagi antisemitizm va Isroilga qarshi kayfiyat haqida, ikkinchisi esa islomga qarshi.

Ikkala hisobot mualliflari kampus madaniyati va universitetning vaziyatga munosabatini tanqid qiladi. Shu bilan birga, ular universitetdagi zarur islohotlarni “tashqi kuchlar” bosimi ostida emas, balki “ichki jarayonlarga tayangan holda va Garvard hamjamiyatining keng qo‘llab-quvvatlashi bilan” amalga oshirish kerak, degan fikrni bildirishmoqda. Shundan so‘ng Garvard universiteti prezidenti Alan Garber universitet talabalar va xodimlarning umidlarini qondira olmagani uchun uzr so‘radi. Shuningdek, u Isroilga qarshi antisemitizm va tarafkashlikka qarshi kurash bo‘yicha yangi tashabbuslarni e’lon qildi.

Ikromboyev Hasanboy


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Donal'd Tramp Garvard

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing