G‘azo uchun nimalar qilinmoqda?

Tahlil

image

Tashkil etilishi bilan Birlashgan millatlar tashkilotining (BMT) potensial “raqibi” sifatida ko‘rilgan “Tinchlik kengashi”ning (The Board of Peace) ilk rasmiy sammiti joriy yilning 19 fevralida bo‘lib o‘tdi. Vashingtonda yig‘ilgan ellikka yaqin davlat delegatsiyalari dunyoda uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan G‘azo mojarosini hal qilish yo‘lida amaliy yechimlar yuzasidan muzokaralar olib bordi. Gap milliardlab pullar, yangi investitsiyalar va shartnomalar haqida ketmoqda. Garchi qatnashchilar qatorida Yevropaning qudratli iqtisodiyotiga ega davlatlarini ko‘rmasak-da, Qatar, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Misr kabi “boyvachcha” mamlakatlar bisyor. Shuningdek, Markaziy Osiyodan O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlarining ham taklif etilgani bu mintaqa ham global geosiyosatga tobora integratsiyalashib borayotganidan darakdir.

Yuksak rejalar e’lon qilindi, ko‘p va’dalar berildi, ammo bir savol hanuz o‘z aktualligini yo‘qotagani yo‘q, AQSH prezidenti Donald Tramp boshchiligidagi ushbu tuzilma berayotgan balandparvoz va’dalar qay darajada real hayotga tatbiq etiladi? Taklif qilinayotgan yechimlar qanchalik foyda beradi? Bir so‘z bilan aytganda, G‘azoning kelgusi taqdiri qanday bo‘ladi?

Ilk sammit– ilk va’dalar

AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan mazkur platforma global mojarolarni tezkor siyosiy kelishuvlar orqali hal qilishni maqsad qilgan bo‘lib, asosiy e’tibor G‘azo sektoriga qaratilgan. Ilk sammitda 50 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etdi, ularning qariyb 27 tasi rasmiy a’zo sifatida qayd etilgan, qolganlar esa kuzatuvchi maqomida qatnashdi. Tashkilotchilar ushbu tuzilmani byurokratik to‘siqlarsiz ishlaydigan, tezkor qaror qabul qiluvchi mexanizm sifatida taqdim etdi.

Sammit avvalida so‘zga chiqqan va qariyb bir soatga yaqin nutq so‘zlagan Donald Tramp G‘azo uchun AQSH tomonidan 10 milliard dollargacha mablag‘ ajratilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, boshqa davlatlar hissasi bilan qo‘shimcha 7 milliard AQSH dollaridan ortiq yordam paketi shakllantirilgani va bu summa infratuzilmani tiklash, vaqtinchalik xavfsizlik kuchlari joylashtirish hamda mahalliy huquq-tartibot tizimini qayta shakllantirishga yo‘naltirilgani aytildi.

“Aftidan, ular shunday qilishadi, lekin buni hali aniqlashtirishimiz kerak. Biroq, u yer (G‘azo) endi radikalizm va terror o‘chog‘i bo‘lmaydi. Bunga chek qo‘yish uchun bugun men mamnuniyat bilan e’lon qilamanki, Qozog‘iston, Ozarbayjon, BAA, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston va Quvayt yordam paketi uchun jami 7 milliard AQSH dollaridan ortiq mablag‘ ajratdilar. Bu juda ajoyib natija”, dedi Tramp.

Faqatgina pul ajratish bilan ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmasligini tushungan Tramp G‘azoga harbiy qo‘shinlar joylanishini ham e’lon qildi. Tramp nutqida bu tashabbus “real siyosiy natija beradigan yangi model” sifatida ta’riflandi.

“Albaniya, Kosovo va Qozog‘iston G‘azoda barqarorlikni ta’minlash uchun o‘z qo‘shinlari va politsiya kuchlarini ajratish majburiyatini oldilar. Misr va Iordaniya ham xuddi shunday juda katta yordam bermoqda – ular ishonchli Falastin politsiya kuchlari uchun qo‘shinlar ajratishmoqda, mashg‘ulotlar o‘tkazishmoqda va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashmoqda”, deydi u.

Biroq, siyosiy tahlil nuqtai nazaridan bir qator savollar ochiq qolmoqda. Avvalo, e’lon qilingan 10 milliard dollarlik mablag‘ AQSH Kongressi tomonidan tasdiqlanishi lozim. Trampning hali demokratlar bilan ichki bahslarni hal qilib ulgurmasdan bunday katta miqdorda xalqaro yordam pulini va’da qilgani va bu mablag‘ning qayerdan olinishi ochiqlanmagani uning so‘zlariga shubha uyg‘otmoqda. Ikkinchidan, G‘azoda qurolli guruhlarning qurolsizlantirilishi masalasi hal qilinmagan. Hamasning to‘liq qurol topshirish bo‘yicha aniq majburiyati yo‘qligi tinchlik rejasining barqarorligini shubha ostiga qo‘yadi. Uchinchidan, xalqaro xavfsizlik kuchlarini joylashtirish tashabbusi mintaqaviy davlatlar roziligini talab qiladi, bu esa diplomatik murakkabliklarni keltirib chiqaradi.

Sammitdagi eng shov-shuvli jihat Trampning BMT tizimiga bilvosita tanqidiy murojaati bo‘ldi. U mavjud xalqaro mexanizmlarni sustkashlikda ayblab, yangi platforma tezkor va natijaviy bo‘lishini ta’kidladi.

“Biz BMT bilan juda yaqin hamkorlikda ishlaymiz. Biz ularni avvalgi mavqeiga qaytaramiz. Menimcha, BMT ulkan salohiyatga ega, chindan ham juda katta salohiyatga. Biroq, u hozirgacha bu salohiyatni to‘la namoyon eta olmadi. Dunyodagi sakkizta urush bo‘yicha men ular bilan birortasi haqida gaplashmaganman”, dedi.

Shuningdek, Tramp kun kelib “Tinchlik kengashi” BMTni nazorat qilishi, uni boshqarib turishi va hatto, moliyalashtirishiga ishonishini bildirdi.

“Qachondir men bu yerda bo‘lmayman, lekin Birlashgan Millatlar Tashkiloti bo‘ladi – o‘ylaymanki, u ancha kuchliroq bo‘ladi. “Tinchlik kengashi” esa go‘yoki Birlashgan Millatlar Tashkilotini kuzatib boradi va uning to‘g‘ri ishlashini ta’minlaydi. Biz uning infratuzilmasi (sharoitlari) yaxshi bo‘lishini ta’minlaymiz, chunki ular yordamga muhtoj va aynan moliyaviy jihatdan ko‘makka muhtoj”, deydi Tramp.

Biroq, ekspertlar fikricha, legitimlik, a’zolik ko‘lami va majburiy ijro mexanizmlarisiz har qanday tashabbus global xavfsizlik arxitekturasida hal qiluvchi rol o‘ynashi qiyin. Ayrim davlatlar kengashni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, yirik xalqaro o‘yinchilarning ehtiyotkor pozitsiyasi uning haqiqiy salohiyatini cheklashi mumkin. Hali 27 a’zosining ham doimiy ekanligi mujmal bo‘lib turgan bir vaqtda tuzilmaning kelajagi haqida nimadir deyishga hali erta.

Umuman olganda, Vashington sammiti katta siyosiy bayonotlar va moliyaviy va’dalar bilan o‘tdi. Ammo, G‘azoda barqaror tinchlik o‘rnatish uchun nafaqat mablag‘, balki chuqur siyosiy kelishuv, ishonch va mintaqaviy konsensus talab etiladi. Aks holda, “Tinchlik kengashi” balandparvoz tashabbus sifatida tarix sahifalarida qolib ketishi ehtimolini ham inkor etib bo‘lmaydi.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning nutqi ham tinchlik tashabbusining amaliy yo‘nalishiga urg‘u berishi bilan ajralib turdi. Rubio o‘z chiqishida G‘azo mojarosini “o‘ziga xos, oddiy xalqaro institutlar hal qila olmagan inqiroz” deb atadi va shu bois yangi mexanizmga bo‘lgan ehtiyojni yana bir bor ta’kidladi. U sammit ishtirokchilariga murojaat qilib, “G‘azo uchun B reja yo‘q – B reja urushga qaytishdir” deb ogohlantirdi va faqat barqaror tinchlik yo‘lini davom ettirish kerakligini qayd etdi.

“G‘azo uchun B rejasi mavjud emas. B rejasi – bu urushga qaytish demakdir. Bu yerda hech kim buni xohlamaydi. Yagona yo‘l bo‘lgan A rejasi – G‘azoni shunday qayta tiklashki, u yerda barqaror va davomli tinchlik hukm sursin, hamma bir-biri bilan yonma-yon yashay olsin va hech qachon qaytadan mojaroga, urushga, insoniy azob-uqubatlar va vayronagarchiliklarga qaytish haqida xavotir olmasin”, deydi Rubio.

Sammit davomida yana ko‘plab nutqlar bo‘ldi, a’zolar birin-ketin G‘azo masalasida o‘z fikrlarini qisqacha ifoda etdi. Nutqlarning asosiy mazmuni – G‘azoda barqaror sulhga erishish, yangi diplomatik mexanizm yaratish va mavjud xalqaro institutlarning samarasizligini tanqid qilishdan iborat bo‘ldi. Biroq, aniq ijro mexanizmlari, pul manbalari hali-hanuz ochiq qolmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston G‘azo uchun nimalarga tayyor?

Markaziy Osiyo mintaqasining liderlari sifatida O‘zbekiston va Qozog‘iston global sahnada faqat iqtisodiy va xavfsizlik masalalarida emas, insonparvarlik va dunyo tartibotini belgilash jarayonlarida ham faol pozitsiya ko‘rsatmoqda. 19 fevraldagi G‘azo sektoridagi muammolarni hal qilish maqsadida tashkil etilgan “Tinchlik kengashi” sammiti doirasida ikki davlat ham o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanliklarini e’lon qildi. Bu qarorlar nafaqat mintaqaviy siyosat, balki umuminsoniy mas’uliyat timsolidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda bo‘lib o‘tgan “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishida G‘azo sektori uchun yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini rasman e’lon qildi. U prezident sifatida nafaqat so‘z bilan, balki amaliy hissa qo‘shishga intilayotganini ta’kidladi.

“Ta’kidlab aytamanki, O‘zbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktab va shifoxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyor.

Ushbu sammit Donald Tramp nomidagi Tinchlik institutida o‘tkazilayotganida ramziy ma’no mujassam. Bizning uchrashuvimiz xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga bo‘lgan umumiy intilishimizning yorqin ifodasidir.

Biz Yangi G‘azoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega bo‘lgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezident, shuningdek, kengashning ishchi mexanizmlari mahalliy xalqning qo‘llab-quvvatlashiga asoslanishi lozimligini qayd etdi, chunki “har qanday tashqi boshqaruv mintaqaning ichki irodasiga tayanishi kerak”, deya ta’kidlab o‘tdi.

“Ishonchim komil, kengash ishi G‘azo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi. Shu bilan birga, G‘azoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining so‘zsiz ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozim”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.

O‘zbekiston ushbu tashabbusni xalqaro birdamlik va tinchlikni mustahkamlash yo‘lida muhim deb atadi. Mirziyoyev nutqida G‘azoni “yangidan qurish” va aholiga tinch, farovon hayotni qaytarish uchun global hamkorlikning zarurligini ta’kidladi. Bu yordam iqtisodiy va ijtimoiy tiklanishga xizmat qiladi va mintaqaviy barqarorlikka o‘z hissasini qo‘shadi.

Hamda AQSH prezidenti Donald Trampning bayonotiga ko‘ra, O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa davlatlar G‘azoni tiklash uchun jami 7 milliard AQSH dollari atrofida mablag‘ ajratishini e’lon qildi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev ham shu sammitda G‘azo sektoriga yordam berish bo‘yicha keng ko‘lamli takliflar bilan chiqdi. To‘qayevning bayonotiga ko‘ra, Qozog‘iston nafaqat moliyaviy yordam ko‘rsatishga, balki tiklanish jarayonida bevosita ishtirok etishga tayyor.

“Qozog‘iston Xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini dala gospitaliga ega tibbiy bo‘linmalarni, shuningdek, Fuqarolik-harbiy muvofiqlashtirish markaziga kuzatuvchilarni yuborish orqali qo‘llab-quvvatlashga tayyor”, dedi To‘qayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat insonparvarlik yordamidan tortib, infrastrukturani qayta qurish, uy-joy, maktab va shifoxonalar qurilishi kabi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildiradi. Bunday loyihalar xalqaro kompaniyalar orqali yuritilishi mumkin, shuningdek, Qozog‘iston G‘azo va unga qo‘shni mintaqalarda gumanitar oziq-ovqat yordam (masalan, bug‘doy yetkazib berish) ko‘rsatadi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston G‘azo sektori yo‘nalishida nafaqat samimiy insonparvarlik yordamiga, balki barqaror tiklanish hamda mintaqaviy tinchlikni ta’minlashga real hissa qo‘shishga tayyor ekanligini ko‘rsatdi. Bu ikki davlatning qarorlari global hamjamiyat bilan hamkorlikda tinchlikni mustahkamlash va aholini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan amaliy tashabbusdir.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, AQSH o‘z so‘zida tura olsa va belgilangan rejalar to‘liq amalga oshirilsa, “Tinchlik kengashi”dan umid katta. Uzoq davrlardan beri davom etib kelayotgan G‘azo mojarosini faqat birdamlik va hamjihatlikda hal etish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Qozog'iston Shavkat Mirziyoev Tramp BMT G'azo Rubio Tinchlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing