Isroilning G‘azoga ketayotgan flotiliyaga qilgan hujumini oqlab bo‘lmaydi – Mark Karni
Olam
−
26 may 1996 2 daqiqa
Kanada Bosh vaziri Mark Karni G‘azoga gumanitar yordam olib borayotgan flotiliya ishtirokchilariga nisbatan Isroil tomonidan qilingan munosabatni “dahshatli” deb atadi. Bu haqda u kecha, 25 may kuni bergan bayonotida so‘z ochgan.
Bayonotda Mark Karni va Isroil Prezidenti Isaak Hersog o‘rtasidagi telefon muloqoti haqida ma’lumot berilgan. Suhbat davomida Karni flotiliya ishtirokchilariga nisbatan qilingan munosabat yuzasidan mustaqil tergov o‘tkazishni talab qilgan.
Avvalroq, Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir tarqatgan videoda faollar qo‘llari bog‘langan holda, yerga tiz cho‘ktirilgani va masxara qilingani aks etgan edi.
“Bosh vazir G‘azoga yo‘l olgan flotiliya bortidagi tinch aholiga, jumladan Kanada fuqarolariga nisbatan qilingan daxshatli munosabat qabul qilib bo‘lmas ekanini ta’kidladi”, deyilgan bayonotda.
Karni, shuningdek, bosib olingan G‘arbiy Sohilda Isroil aholi punktlarini kengaytirishga Kanadaning qarshi ekanini hamda yahudiy ko‘chmanchilar tomonidan falastinliklarga qarshi zo‘ravonliklarni qoralashini yana bir bor bildirgan.
Ben-Gvir tarqatgan video xalqaro miqyosda keskin tanqidlarga sabab bo‘lgandi. Qator davlatlar rasmiy bayonotlar bilan chiqqandi. Shulardan ayrimlari amaliy choralar ham ko‘rdi. Masalan, Fransiya 23 may kuni Ben-Gvirning mamlakatga kirishini taqiqlagan va bu qarorni uning “Global Sumud Flotilla” ishtirokchilariga nisbatan harakatlari bilan izohlagan edi.
Polsha ham Ben-Gvirga nisbatan besh yillik kirish taqiqini joriy etish tashabbusi bilan chiqqan. Fransiya va Italiya rahbarlari esa, Yevropa Ittifoqini Isroil vaziriga qarshi sanksiyalar kiritishga chaqirgan. Shunga qaramay, Isroil odatda jiddiy bosim yoki amaliy oqibatlarga kam duch kelmoqda.
Inson huquqlari tashkilotlari Isroil qamoqxonalarida qiynoqlar va g‘ayriinsoniy sharoitlar mavjudligi haqida dalillar keltirgan. “Amnesty International” va “B’Tselem” kabi tashkilotlar Isroilni falastinliklarga nisbatan aparteid tizimini qo‘llashda ayblagan.
“Global Sumud Flotilla” aksiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlariga qarshi o‘tkazilgan. Qayd etilishicha, 2023 yil oktyabridan buyon urushda 75 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, tirik qolganlar esa, ochlik va majburiy ko‘chish muammosiga duch kelgan. Faollar bir necha bor G‘azoga gumanitar yordam yetkazishga uringan, ammo ularning kemalari Isroil kuchlari tomonidan to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil armiyasi G‘azoga gumanitar yordam yetkazishni maqsad qilgan “Global Sumud” flotiliyasiga hujum uyushtirib, 170 nafardan ortiq faolni qo‘lga olgan edi.
Live
Barchasi