G‘azoga yordam olib borayotgan kemalar Isroilning qo‘liga tushdi (video)
Olam
−
02 Oktabr 2025 13458 2 daqiqa
Isroil harbiy-dengiz kuchlari G‘azoga gumanitar yordam yetkazish uchun yo‘lga chiqqan “yordam flotiliyasi”ni to‘xtatdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1 oktyabr kuni kechqurun bir nechta kemalar zarar yetkazilmagan holda ushlab qolingan va yo‘lovchilar Isroil portlariga olib borilgan. Rasmiy ma’lumotda shvetsiyalik ekofaollardan biri Greta Tunberg va uning hamrohlari sog‘-salomat va xavfsiz ekani qayd etilgan.
Flotiliya avgust oyining oxirida Barselonadan yo‘lga chiqqan bo‘lib, 40 dan ortiq kater va yelkanli kemalardan iborat edi, bortida bir necha yuz odam, jumladan Greta Tunberg ham bor edi. Tashkilotchilar Isroilning yordamni Ashdod porti orqali G‘azoga yetkazish taklifini rad etgan. Shuningdek, 1 oktyabr kuni Italiya rasmiylarining flotiliyani to‘xtatish haqidagi chaqiriqlari ham inobatga olinmagan. Oqibatda flotiliya Isroilning G‘azo yaqinida joriy dengiz blokadasiga duch kelgan.
Flotiliya to‘xtatilgach, Rim va Neapolda Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Norozilar Italiya Bosh vaziri Jorja Melonini flotiliya faollariga birdamlik bildirmaganlikda ayblagan.
Isroil G‘azo sektoriga dengiz blokadasini 2007 yilda HAMAS hududni egallagach joriy qilgan, maqsad esa qurol-yarog‘ yetkazib kelinishining oldini olish bo‘lgan. Misr ham bu blokadani qo‘llab-quvvatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shvetsiyalik ekofaol Greta Tunberg yana 11 nafar faol bilan birga “Madlin” yaxtasida G‘azo sektori qirg‘oqlariga yaqinlashmoqchi bo‘lgandi. Ammo kema Isroil harbiylari tomonidan qo‘lga olingan. Isroil TIV G‘azo qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz zonasi “xalqaro qonunlarga muvofiq qonuniy dengiz blokadasiga muvofiq” yopilganini eslatgan.
Live
Barchasi