Fransiyada “o‘g‘irlangan” o‘zbek bankiri shouni o‘zi uyushtirgani aytilmoqda
3-sahifa
−
20 noyabr 11034 9 daqiqa
Joriy yil yozda O‘zbekistondagi banklardan birining rahbari 48 yoshli Q.O. Fransiyada o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar bergan edik. Uning o‘g‘irlanishi O‘zbekiston hukumatiga yaqin bo‘lgan oligarx B.R.ning ishonchli odami M. ismli shaxs tomonidan sodir etilgan yoki bu “o‘g‘irlik” sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Fransiyaning “L'Express” gazetasi va “The Insider” tomonidan olib borilgan qo‘shma jurnalistik surishtiruvda so‘z boradi.
Bank rahbarining o‘g‘irlab ketilgani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan Fransiyaning “Le Monde” gazetasi Q.O.ning o‘zidan boshqa hech kimning ismini keltirmagan. “The Insider” esa uni o‘g‘irlagan hamda odam o‘g‘irlash va tovlamachilikda ayblanayotgan shaxslarni aniqlagani, shuningdek, Q.O.ning o‘g‘irlanishi sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkinligi borasidagi aniq belgilarni topganini yozgan.
Jurnalistik surishtiruvda keltirilgan B.R. ismli shaxs bir vaqtlar taniqli o‘zbek oligarxi va Q.O.ning sobiq ish beruvchisi bo‘lgani qayd etilgan. Nashr manbalariga ko‘ra, Q.O.ning boyib ketishiga 2016 yilda O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov vafotidan ko‘p o‘tmay O‘zbekistondan Turkiyaga ketgan B.R. yordam bergan.
Surishtiruvda M. haqida ham so‘z boradi. U Rossiya fuqarosi bo‘lib, Turkiyada B.R.ning biznes sherigi bo‘lib ishlaydi. “The Insider” yigitning ismini yashirmoqda, chunki bu shart bilan muhim ma’lumotlarga kirishga ruxsat berilgan.
Nashr o‘z advokati orqali Q.O.ni “o‘g‘irlagan” M.ga, shuningdek, ishxonasi orqali B.R.ga savollar yo‘llagan. “L'Express” jurnalistlari “jabrlanuvchi”ga (O‘zbekistondagi bank rahbari) yaqin manba bilan suhbatlashgan. “The Insider” Q.O. va uni o‘g‘irlaganlikda gumon qilingan shaxs o‘rtasidagi yozishmalar, shuningdek, bu ishga oydinlik kirituvchi sayohat, moliyaviy, huquqiy va boshqa hujjatlarni topgan.
“Jabrlanuvchi” bankirni, “Le Monde”ning yozishicha, 22 iyun kuni tushga yaqin Parij markazida mikroavtobusga majburan o‘tqazib, noma’lum joyga olib ketishgan. M. uni qiynoqqa solib, ozod qilish uchun 10 million dollar talab qilgan. Shundan so‘ng Q.O. Nitssa yaqinidagi villaning yerto‘lasiga ko‘chirilgan va u yerda unga nisbatan qiynoqlar hamda tovlamachilik davom etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, M. soxta qatl uyushtirgan va Q.O.ni videotasvirda O‘zbekistonning amaldagi hukumatini qoralashga majburlagan.

Bank rahbari 5 million dollarlik vekselni imzolashga va 200 ming dollarni qisman to‘lashga rozi bo‘lgach, uni qo‘yib yuborishgan. Keyin u politsiyaga borgan.
“The Insider” va “L'Express” qo‘shma tekshiruvi natijasida aniqlangan faktlar
Q.O. va M. o‘rtasidagi suhbatlar, shuningdek, “The Insider”da bo‘lgan ular o‘rtasidagi yozishmalarda jinoyat-jabrlanuvchi dinamikasi u yoqda tursin, hech qanday ziddiyat belgisi yo‘q. Aksincha, Q.O. va M. hatto do‘stona munosabatda bo‘lgan.
Q.O. o‘z xohishiga qarshi ushlab turilgan Rokfor-le-Pan kommunasidagi villa sayohat xizmatlari vositachisi orqali ijaraga olingan va uning narxi kriptovalyutada to‘langan. Dastlab Q.O.ning yaqin sherigi, asli o‘zbekistonlik Fransiya fuqarosi Sh.Z.ga tegishli pasport ijarachining guvohnomasi sifatida vositachiga yuborilgan. Keyinchalik pasport ishlatilmagan, chunki ijarachi “xotini bu haqda bilib qolmasligi uchun” anonimlikni so‘ragan.
Q.O.ning so‘zlariga ko‘ra, u 2025 yilning 22 iyunida o‘g‘irlab ketilgan va ertasi kuni, 23 iyun kuni qo‘yib yuborilgan. “The Insider” tomonidan ko‘rib chiqilgan hujjatlarga ko‘ra, Q.O.ning “qo‘yib yuborilganidan” keyin uning Parijga birinchi toifali chiptasi M.ning shaxsiy haydovchisiga tegishli bank karta orqali to‘langan, shundan so‘ng M.ning o‘zi Telegram’dagi profilidan chipta nusxasini Q.O.ga yuborgan.
24 iyun kuni Parijga qaytgan Q.O. politsiyaga ariza bilan murojaat qilib, o‘zini o‘g‘irlab ketishganini aytgan. Xabarda aytilishicha, uning politsiyaga bergan intervyusi soat 15:00 dan 22:30 ga qadar davom etgan, Q.O. va M. o‘rtasidagi Telegram yozishmalari ular 2025 yilning 23-26 iyun kunlari, ayniqsa, 24 iyun kuni qizg‘in muloqotda bo‘lganini ko‘rsatadi. Qolaversa, jinoyat qurboni sifatida ko‘rsatma berayotganda, Q.O. Telegram orqali 200 ming dollar qarzning bir qismini o‘tkazilishini muhokama qilgan. Pullar taxminan soat 19:00 atrofida, ya’ni so‘roq paytida o‘tkazilgan.
Q.O. va M. o‘rtasidagi yozishmalar faqat 2025 yil 26 iyunda tugagan. Q.O.ning M.ga so‘nggi xabarida shunday deyilgan:

“Meni zudlik bilan politsiyaga olib ketishyapti. Men aloqani o‘chirib qo‘yyapman”.
M. uning yozganiga javoban so‘ragan:
“Nega sizni olib ketishyapti? Ular bu ishlar sahnalashtirilganini bilishdimi?”
Savol esa javobsiz qolgan.
“Bank rahbarini o‘g‘irlagan shaxs” va “jabrlanuvchi” o‘rtasidagi muloqot 28 iyun kuni M. Q.O.ga yangi raqamdan: “Bir tomondan ariza yozding, ikkinchi tomondan politsiyadan ogohlantirding, tushunmoqchi bo‘lyapman, sen haliyam do‘stmisan yozi yo‘q”.
Javob esa quyidagicha:
“O‘rtamizda hech qanday adovat yo‘q, shuning uchun senga yozdim. Vaziyat trayektoriyasi bo‘yicha rivojlana boshladi. Uni men nazorat qilmayapman”.

Nihoyat, soatlab qiynoqqa solingani aytilayotgan Q.O.ning tibbiy tekshiruvi sakkiz kundan keyin, 30 iyun kuni o‘tkazilgan va unda faqat kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan mayda ko‘karishlar va ishqalanishlar aniqlangan.
Uzoq muddatli bitimlar
“L'Express” va “The Insider” sahnalashtirilgan odam o‘g‘irlanishining belgilarini aniqlab, ishtirokchilar o‘rtasidagi munosabatlar fonini o‘rganib chiqqan va quyidagilarni aniqlagan:
2016 yilda o‘zbek oligarxi B.R. Egey dengizi sohilida mehmonxona sotib olib, Turkiyaga ko‘chib o‘tadi. Amalda B.R.ga tegishli bo‘lgan O‘zbekistondagi banklardan biri oligarxning o‘nlab boshqa kompaniyalari qatori Q.O. nazorati ostida qoladi. 2017 yilda Q.O. B.R.ni oligarxning biznesi tahdid ostida ekani va “nufuzli shaxslar” tomonidan tortib olinishiga ishontirgan. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun Q.O. barcha aktivlarini “istalgan miqdordagi pulga” sotishni taklif qiladi va shu bilan biznes imperiyasini musodara va vayrongarchilikdan, B.R.ning ko‘p sonli xodimlarini jinoiy ta’qibdan qutqaradi.
O‘zini vositachi sifatida ko‘rsatgan Q.O. yirik xususiy bank, qurilish firmalari va sug‘urta kompaniyalari kabi o‘nlab bizneslarni 13,5 million dollar evaziga o‘z nomiga o‘tkazishni taklif qilgan. Bunday noxush taklifdan lol qolgan B.R. kelishuvdan bosh tortgan. Uni shartnomani yopish zarurligiga ishontirgan Q.O. bir yil ichida B.R.ga qo‘shimcha 10 million dollar, shuningdek, taqsimlanmagan dividendlarni to‘lab berishni va’da qilgan. Ko‘p o‘ylagach, B.R. rozi bo‘lgan.
Ushbu muzokaralarda B.R.ning Turkiyadagi biznes sherigi, qo‘shma loyiha bo‘yicha moliyaviy majburiyatlarga ega bo‘lgan M. ham ishtirok etgan. Natijada, Q.O., B.R. va M.ning oligarx bilan hisob-kitoblari doirasida Q.O. 10 million dollarni to‘g‘ridan to‘g‘ri M.ga to‘lab berishiga kelishib olingan.
Bitim yakunlandi: B.R. o‘z biznes imperiyasi uchun 13,5 million dollar oldi (bu summa uning taxminiga ko‘ra, aktivlarning haqiqiy qiymatining 5 foizini tashkil qiladi), M. esa hech narsa olmadi.
Shundan so‘ng M. Q.O.dan qarzni undirish uchun turli urinishlar qilgan, 2019 yilda u bilan Yevropada, keyin esa Moskvada bir necha bor uchrashgan. Biroq Q.O. yuqori martabali homiylarini tilga olib, va’da qilingan 10 million dollarni to‘lashdan qochgan.
B.R.ga kelsak, O‘zbekistonga qaytgach, u surishtiruv boshladi va Q.O. shunchaki “vositachi” bo‘lmagani va B.R. sotishga majbur bo‘lgan aktivlarning aksariyati haqiqatda Q.O.ga o‘tganini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, B.R. bilan kelishuvdan ko‘p o‘tmay Q.O. qimmat xaridlarni amalga oshira boshlagan, masalan, Germaniyadagi mehmonxona va oradan bir yil o‘tib o‘z bankini tashkil qilgan. Q.O.ning o‘zi fransuz jurnalistlariga hozirda 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ni boshqarayotganini aytib keladi. Q.O., shuningdek, Siemens va Fransiyaning EDF kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda IES qurish loyihasini amalga oshiruvchi yirik energetika konsorsiumining ishtirokchisi bo‘ldi.
Shunday qilib, B.R. hech narsasiz O‘zbekistonga qaytib keldi va uning sobiq qo‘l ostidagi va ishonchli odami oligarxga aylandi.
G‘azablangan B.R. Q.O.dan 200 million dollardan ortiq tovon puli talab qilib, 2018 yilgi bitimni qayta ko‘rib chiqishni so‘ray boshladi, shuningdek, bo‘lajak jarayonlar uchun advokatlarni yolladi. Aynan shu fonda Q.O.ning Fransiyada “o‘g‘irlab ketilgani” haqidagi xabar paydo bo‘ldi.
Xulosa
Q.O.ning bosqichma-bosqich o‘g‘irlanishi ortidan uning raqibi B.R. qiyin ahvolga tushib qolgan. Agar iddao qilinayotgan jinoyat haqiqatan ham B.R.ning yaqin sherigi M. tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, B.R.ning o‘zi tashkilotchi sifatida ko‘rsatilishi mumkin edi.
M.ga kelsak, u “o‘g‘irlab ketish” uchun Q.O.dan 200 ming dollar, shuningdek, Q.O. eski qarzini to‘lashi to‘g‘risida qarzning norasmiy tan olinishi haqida yozma hujjat olgan. Q.O.ning aytishicha, u hujjatni bosim ostida imzolagan, ammo, hujjatning mazmuni boshqacha ma’noni bildiradi: Q.O. 50 foiz chegirma (hujjatda 10 million dollar o‘rniga 5 million dollar edi) va ikki yillik bo‘lib-bo‘lib to‘lash rejasini o‘z ichiga olgan to‘lov sxemasini olishi qayd etilgan.
Nashrlarning yozishicha, Q.O.ning M. bilan hisob-kitob qilish niyati yo‘qligi aniq, chunki Q.O.ning o‘g‘irlanishi ortidan M.ga nisbatan o‘g‘irlash va tovlamachilik bo‘yicha haqiqiy jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, shuningdek, M. endi xalqaro qidiruvga berilgan. “O‘g‘irlash”dan yagona manfaatdor Q.O.ning o‘zi bo‘lib, u ikki kreditorini zararsizlantirdi hamda Fransiya va O‘zbekiston hukumati himoyasini talab qiluvchi jinoyat qurboni obrazini yaratdi.
Ayni paytda Q.O. Fransiyada B.R. bilan o‘zining sof iqtisodiy mojarosini siyosiylashtirishga urinib, B.R.ni “O‘zbekiston hukumatiga yaqin odam” deb atamoqda. Agar u B.R.ni neytrallashtira olmasa va 2018 yilgi kelishuvning noqonuniyligini isbotlasa, u o‘zini siyosiy ta’qib qurboni sifatida ko‘rsatishi kerak bo‘lishi mumkin.
Materialda keltirilishicha, Q.O.ga tegishli bank og‘ir kunlarni boshidan kechirmoqda: uning yuzlab mijozlari hisoblari bo‘shatilganini payqab, huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan, natijada jinoyat ish qo‘zg‘atilgan. Tekshiruv natijasida aniqlanishicha, bank O‘zbekiston qonunchiligida taqiqlangan onlayn kazinolarga pul o‘tkazib yuborgan. Ayni vaqtda Q.O.ning yaqin sherigi, uning tuzilmalarida muhim lavozimlarni egallagan B.A. aksiyadorlik jamiyati ishtirokchilaridan milliardlab rubl o‘g‘irlash bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha hibsga olingan.
Bunday sharoitda o‘zini “O‘zbekiston hukumatiga yaqin” odam qurboni sifatida ko‘rsatish varianti Q.O. uchun ayniqsa qimmatli bo‘lib, unga Yevropadan siyosiy boshpana so‘rash imkonini berishi mumkin.
Ushbu bank rahbari va taniqli tadbirkor shaxsi tahririyatga va jamoatchilikka ma’lum bo‘lsada, tergov organlarida qonuniy asos bo‘lmaguncha, yuqorida nomi keltirilganlarning shaxsini ochiqlamaslikka qaror qildik.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr