Germaniya Prezidenti AQSH jahon tartibini buzayotganini aytdi
Olam
−
08 yanvar 3644 2 daqiqa
Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer AQSH Prezidenti Donald Tramp davridagi mamlakat tashqi siyosatini keskin tanqid qildi va dunyoni global tartibning “qaroqchilar uyasi”ga aylanib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Bu haqda u kecha, 7 yanvar kuni simpoziumdagi chiqishida so‘z ochdi.
Keskin bayonot Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning AQSH tomonidan ag‘darilishiga ishora o‘laroq yangragan. Germaniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Shtaynmayerning aytishicha, global demokratiya oldin kuzatilmagan darajada hujum ostida qolmoqda.
“Reuters”ning yozishicha, garchi Germaniya Prezidentining roli ramziy bo‘lsa-da, uning so‘zlari muayyan siyosiy vaznga ega va u amaldagi siyosatchilarga nisbatan o‘z fikrini erkinroq bildira oladi.
Qrimning Rossiya tomonidan qo‘shib olinishi va Ukrainadagi harbiy harakatlarni tarixiy burilish nuqtasi deb atagan Shtaynmayer AQSHning hozirgi xatti-harakatlarini ikkinchi yirik tarixiy uzilish sifatida baholagan.
“Bundan tashqari, ushbu jahon tartibini barpo etishda yordam bergan eng muhim hamkorimiz – AQSH tomonidan qadriyatlarning yemirilishi sodir bo‘lmoqda. Masala shundaki, dunyoning qaroqchilar uyasiga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak: eng beshafqat kuchlar hamma narsani o‘z xohishiga ko‘ra tortib oladigan, butun mintaqalar yoki hatto mamlakatlar bir nechta yirik davlatlarning mulki sifatida qaraladigan holatga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deydi u.
Shtaynmayerning so‘zlariga ko‘ra, xavfli vaziyatlarda faol aralashuv zarur va Braziliya hamda Hindiston kabi davlatlarni jahon tartibini himoya qilish muhimligiga ishontirish kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Irlandiya Bosh vaziri bilan uchrashuv chog‘ida bir tomonlama qo‘rqitish xalqaro tartibni jiddiy ravishda izdan chiqarganini, barcha mamlakatlar xalqaro huquq va BMT nizomiga amal qilishi kerakligini aytgan edi.