Germaniyada erkaklarga mamlakatni ruxsatsiz tark etish taqiqlandi

Olam

image

Germaniyani uch oydan ko‘proq muddatga tark etish uchun 17 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan barcha erkaklar Bundesver Karera markazining roziligini olishlari shart. Ushbu chora joriy yil 1 yanvardan kuchga kirgan. Bu haqda “Berliner Zeitung” xabar berdi.

Nashrning aniqlik kiritishicha, “Harbiy xizmatni modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun doirasidagi bu tuzatish “sezilmay” qolgan. Shu paytgacha chet elda uzoq vaqt qolish uchun ruxsatnoma chaqiriluvchilardan faqat ikki holatda talab qilingan: birinchisi – Bundestag yoki NATO tomonidan belgilanadigan tashqi tahdid kuchayganda, ikkinchisi – mamlakat hududiga amalda qurolli hujum uyushtirilgan mudofaa holatida. Biroq 2026 yil boshidan boshlab bu talab ushbu istisnoli holatlardan tashqari, ya’ni oddiy tinchlik davrida ham dolzarb hisoblanadi.

“Frankfurter Rundschau” (FR) yangi qoida amaliyotda qanday qo‘llanilishi noaniq ekanligiga e’tibor qaratgan, chunki 45 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning aksariyati “katta ehtimol bilan bu tartib mavjudligidan bexabar”.

“Ushbu qoidaning asosiy maqsadi va bosh tamoyili – zarurat tug‘ilgan holat uchun ishonchli va ma’lumotlarga boy harbiy reyestr yaratishdir”, deydi Federal Mudofaa vazirligi vakili “Ippen.Media” uchun bergan izohida. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, “favqulodda vaziyatda kim chet elda uzoq vaqt bo‘lishi mumkinligini bilish” zarur.

Vazirlik ushbu yangilikning oqibatlari “chuqur” ekanini tan olgan. Hozirda u yerda “ortiqcha byurokratiyadan qochish” uchun “normativ hujjatlarni aniqlashtirish” ustida ish olib borilmoqda.

Germaniya hukumati Bundesver qo‘shinlari sonini hozirgi taxminan 184 ming nafardan 2035 yilgacha 255-270 ming askargacha oshirishni rejalashtirmoqda. 2008 yilda va undan keyin tug‘ilgan barcha yigit-qizlar harbiy xizmatga tayyorligi haqidagi anketani to‘ldirishlari kerak. Erkaklar uchun javob berish majburiy, ayollar uchun esa ixtiyoriy.

“Foreign Affairs” yozishicha, Germaniya harbiy qudratini oshirib, Yevropaning navbatdagi gegemoniga aylanishi mumkin. Bugungi kunda Germaniya harbiy byudjeti dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Mamlakatning yillik harbiy xarajatlari 2029 yilga borib 189 milliard AQSH dollariga yetishi kutilmoqda, bu 2022 yildagi ko‘rsatkichdan uch baravar ko‘p. Biroq Germaniya kansleri Fridrix Mers Germaniya tarixiy saboq olganini va Yevropa gegemoni rolidan abadiy voz kechganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Harbiy xizmat Bundesver

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing