Germaniyada robotlar ovqat pishiradigan oshxona ishga tushdi (foto)

Texnologiya

image

Germaniyaning Dyusseldorf shahridagi REWE supermarketida dunyodagi birinchi to‘liq avtonom oshxona tizimi ishga tushdi. Bu haqda “Interesting Engineering” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, robotning nomi CA-1 Series 4 bo‘lib, u Myunxendagi Circus SE kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Tizim shisha korpusli, to‘liq avtomatlashtirilgan oshxona bo‘lib, taomlarni inson aralashuvisiz mustaqil tarzda tayyorlay oladi.

Yangi tizim ikkita robotlashtirilgan manipulyator, isitish funksiyasiga ega induksion plita va idish yuvish mashinasi bilan jihozlangan. Robotlar taom tayyorlashning barcha bosqichlarini mustaqil bajaradi: ular omborxonadan kerakli masalliklarni oladi, ularni pishiradi, tayyor taomni likopchalarga joylashtiradi va buyurtmalar orasida idishlarni yuvishgacha bo‘lgan jarayonni ham o‘z zimmasiga oladi. Qurilma soatiga 120 ta taom tayyorlay oladi. Har bir ovqatning narxi 6 yevrodan boshlanadi, pishirish vaqti esa atigi bir necha daqiqani oladi.

CA-1'ning to‘rtinchi avlodi avvalgi versiyalarga qaraganda 450 kilogrammga yengilroq. Muxandislar modul tipidagi magnit tutqichlarni qo‘shib, induksion qizdirish tizimini ham takomillashtirgan. Endilikda o‘rnatilgan datchiklar real vaqt rejimida masalliklarning holatini kuzatib boradi, aralashtirish tezligi esa tayyorlanayotgan taomning turiga qarab avtomatik tarzda boshqariladi.

Xaridorlar buyurtmalarini sensorli ekran yoki ovozli interfeys orqali berishi mumkin. Sun’iy intellekt asosidagi algoritmlar har bir talabni tahlil qilib, kerakli miqdorda masalliklarni hisoblaydi, bu esa oziq-ovqat chiqindilarini sezilarli darajada kamaytiradi. Qurilmaning shaffof devorlari orqali tayyorlash jarayonini kuzatish imkoni mavjud.

REWE Region West kompaniyasi bunday robotlashtirilgan oshxonalarni sinov tariqasida yana ikki joyda ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, Circus SE kompaniyasi texnologiyani shifoxonalar, universitetlar va yirik sanoat korxonalarining oshxonalarida ham sinovdan o‘tkazmoqda.

Alohida yo‘nalish sifatida esa kompaniya Ukraina BRAVE1 dasturi bilan hamkorlikda harbiy xizmatchilar uchun dala sharoitida issiq ovqat tayyorlashni avtomatlashtirish loyihasini ishlab chiqmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Noetix Robotics startapi inson shaklidagi robot “Bumi”ni taqdim etgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya robot oshxona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing