Germaniyadagi aeroport dron tufayli ishini to‘xtatdi

Olam

image

Germaniyaning Gannover shahridagi aeroportning faoliyati unga yaqin hududda dron aniqlangani sababli to‘xtatildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kecha, 5 noyabr kuni kechqurun aeroport faoliyati mahalliy vaqt bilan soat 22:00 da 45 daqiqaga to‘xtatilgan. Politsiyaning xabar berishicha, dron qo‘nishga yaqinlashayotgan samolyot uchuvchilari tomonidan payqab qolingan, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u yaqin atrofdagi sanoat hududi ustidan uchgan.

Oqibatda uchta samolyotni boshqa aeroportlarga yo‘naltirishga to‘g‘ri kelgan. Masalan, Frankfurt–Mayn marshrutini bajarayotgan layner 152 km uzoqlikdagi Gamburgga yo‘naltirilgan. Qolgan samolyotlar ham uchish va qo‘nishlarda kechikishlarga duch kelgan.

So‘nggi haftalarda Germaniyadagi yirik aeroportlar va muhim ob’ektlar ustida bir necha bor dronlar aniqlangan. Xususan, ular Frankfurt–Mayndagi eng yirik aeroport va Myunxendagi ikkinchi yirik aeroport ishida uzilishlarga sabab bo‘lgan. Myunxen osmonida parvoz qilgan apparatlar harbiy razvedka dronlari bo‘lgani haqida ham xabarlar tarqalgan. 

So‘nggi kunlarda Berlin aeroportlari ustida ham dronlar aniqlangan. 31 oktyabr kuni bu yerda faoliyat deyarli ikki soatga to‘xtagan. 2 noyabr kuni Bremen aeroporti ham taxminan bir soat normal ishlay olmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belgiya shimoli-shirqidagi Per shahridagi NATOning Klayne-Brogel aviatsiya bazasi ustida ikki marta noma’lum dronlar aniqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Gamburg Gannover

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing