Muammar Kaddafiyning o‘g‘li nega o‘ldirildi?

Tahlil

Liviya hukumatini 42 yil boshqargan sobiq yetakchi Muammar Kaddafiyning ikkinchi o‘g‘li Saif al-Islom Kaddafiy vafot etdi. Garchi otasi kabi mamlakatda diktatura o‘rnatmagan bo‘lsa-da, uning taqdiri deyarli otasiniki o‘xshash yakun topdi. U o‘z uyida noma’lum shaxslar tomonidan otib ketilgan. U hech qachon hokimiyatda rasmiy lavozimni egallamagan bo‘lsa-da nega unga suiqasd uyushtirildi?  Nega u Liviyadagi siyosiy jarayonlarda muhim figura qilib ko‘rsatiladi? Bugun shu haqda gaplashamiz.

O‘z uyida o‘ldirib ketildi

Siyosatchi G‘arbiy Liviyadagi Zintan shahri yaqinida joylashgan uyining bog‘ida to‘rt nafar qurollangan shaxs tomonidan o‘ldirilgan. Hujumchilar unga jarohat yetkazgach, voqea joyidan darhol yashiringan. Kaddafiyga yaqin siyosiy guruh esa qurollangan shaxslar avval Saif yashaydigan qarorgohdagi kuzatuv kameralarini ishdan chiqarganini bildirgan.

Marhumning siyosiy jamoasi a’zosi Aguil Delhumning aytishicha, bu voqea butun Liviyaga qarshi jinoyatdir. 

“So‘nggi voqea bizning tariximizga va butun Liviyaga qarshi jinoyatdir. Saif al-Islomning o‘ldirilishi siyosiy raqibni yo‘q qilishning arzon usulidan boshqa narsa emas”, deb aytgan Delhum.

Uning fikricha, Kaddafiyning o‘g‘li siyosiy o‘yinchi sifatida Liviya mustaqilligini istamaydigan kuchlar tomonidan qo‘rqitilgan. Delhum siyosatchining o‘ldirilishi uchun kimni aybdor deb bilishini aniq aytishdan bosh tortdi va odamlarni huquqni muhofaza qilish organlari tergovi natijalarini kutishga chaqirdi. Saif al-Islom qurollangan shaxslar bilan otishmaga kirishgan va 3 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:30 da halok bo‘lgan.

Saif al-Islom Kaddafiy kim edi?

Saif al-Islom Kaddafiy haqida gapirganimizdan uning otasi – Liviyaning 42 yillik rahbari Muammar Kaddafiyni tilga olmasdan iloj yo‘q. Sababi o‘g‘liga qo‘yilgan ayblovlarlar va cheklovlar bevosita ota yuritgan mamlakatdagi siyosiy rejimga bog‘liq. Muammar Kaddafiy 1969 yili qirol Idrisni qudratdan ag‘dargan hamda qonsiz davlat to‘ntarishi oqibatida Liviyada rahbarlikni qo‘lga olgan. O‘shanda u atigi 27 yoshda edi. U mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgach, qo‘shni mamlakat Chadga hududiy da’volarni e’lon qildi. Kaddafiy da’vo ortidan Chadga qo‘shin kiritdi. Bu o‘z navbatida Xalqaro kuchlarning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Shu orada, 1972 yil 25 iyunda uning Liviya tarixidagi siyosiy figuraga ega bo‘lgan o‘g‘illaridan biri Saif al-Islom Kaddafiy tug‘iladi. Kaddafiyning farzandlari ko‘p edi, ota ularning ayrimlariga yuqori lavozimlarni bergan. Masalan, beshinchi o‘g‘il Mu’tasim Billa Kaddafiy – milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi hisoblangan. Biroq Saif al-Islom Kaddafiy bunday hokimiyatdagi yuqori muqomlarni rad etgan. U  chet elda, jumladan, London iqtisodiyot maktabida tahsil olgan va  ingliz tilida ravon so‘zlasha olganligi sababli G‘arbdagi hamkorlar bilan muzokaralar olib borgan.

Umuman olganda 2000 yillarga kelib Liviya Yevropa mamlakatlari yaqinlasha boshladi. Yevropa magnatlariga Liviyaga kirishi uchun ruxsat berildi. Bu harakatlar mamlakatning iqtisodiy siyosiy hayotini biroz liberallashtirishga olib keldi. 2001 yil sentyabr voqealaridan so‘ng Liviya terrorizmga qarshi kurashda Qo‘shma Shtatlar bilan faol hamkorlik qila boshladi.

Yadroviy qurollarni yo‘q qilish dasturlarida ishtirok etadi.  2004 yilning 23 aprelida AQSH Liviyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni qisman bekor qildi. 

2008 yilning avgust oyida Afrikaning 200 dan ortiq qirollari, sultonlari, amirlari, shayxlari va qabila boshliqlarining yig‘ilishida Muammar Kaddafiy “Afrika qirollar qiroli”, deb e’lon qilinadi.

O‘g‘li Saif al-Islom Kaddafiy ham undan ortda qolmaydi. 1997–1998 yillarda u xalqaro xayriya va hamkorlik jamg‘armasini tashkil etishda tashabbus ko‘rsatadi. Jamg‘arma rahbari sifatida u afg‘on toliblari va Filippindagi isyonchilar bilan g‘arbiy garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar olib boradi. 2003 yilda Saif Buyuk Britaniya bilan savdo munosabatlari bo‘yicha muzokaralarda faol ishtirok etgan. Siyosatchining hamda uning otasining boshqaruviga qarshi bo‘lganlarga nisbatan haddan tashqari zo‘ravonlik bo‘yicha ko‘plab ayblovlar qo‘yilgan. 1969 yildan 1994 yilgacha bo‘lgan davrda Kaddafiy rejimiga qarshi chiqqan 343 liviyalik halok bo‘lgani rasman tasdiqlangan.

2010-2011 yillarda arab mamlakatlarida hokimiyat boshqaruviga qarshi “Arab bahori” deb nomlangan norozilik namoyishlari boshlandi. 2011 yil 15 fevral kuni Liviyada ham Kaddafiy boshqaruviga qarshi bo‘lgan muxolif kuchlar bosh ko‘tardi. Ular Kaddafiydan iste’foga chiqishini talab etdi. Mamlakatda fuqarolik urushi boshlandi. 20 fevral kuni Liviya poytaxti Tripoli muxoliflar tomonidan egallab olindi.

2011 yil 27 iyun kuni Liviyadagi fuqarolar urushi vaqtida Xalqaro jinoiy sud Muammar Kaddafiyni qotillik va turli jinoyatlarda ayblab qo‘lga olish uchun ruxsat berdi. Shundan so‘ng, AQSH va NATO boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari Liviyaga bostirib kirdi.

Muammar Kaddafiy bunday og‘ir vaziyatda Sirt shahriga yashirinib oladi. Ammo 2011 yil 20 oktyabr kuni AQSH va NATO harbiylari Sirt shahriga hujum qiladi. Ikkala oyog‘idan yaralangan Kaddafiy qo‘lga olinib, xalqqa topshiriladi. Shunda so‘ng, yig‘ilgan olomon Muammar Kaddafiyni urishni, haqoratlashni boshlaydi. Unga qarata turli buyumlarni otadi. G‘azablangan xalq Kaddafiyni urib o‘ldiradi. Keyinchalik, Kaddafiyning murdasi Misrat shahrida muzlatkichga solinib xalqqa namoyish etiladi.

Endi shu joyda e’tiboringizni Kaddafiyning merosxo‘ri va vorisi sifatida ko‘rsatilayotgan Saif al-Islom Kaddafiyning taqdiriga qaratamiz. U 2011 yilgi Liviyadagi qo‘zg‘alonlar paytida televideniye orqali xalqqa murojaat bilan chiqib, o‘sha yili iyun oyida Xalqaro jinoiy sud insoniyatga qarshi sodir etilgan jinoyatlar uchun Kaddafiyni ham otasiga qo‘shib hibsga olishga order beradi.

Isyonchilar Tripoli shahrini egallaganidan so‘ng, Saif al-Islom badaviylar kiyimida Nigeriyaga qochishga harakat qiladi. Muammar Kaddafiyning o‘limidan taxminan bir oy o‘tgach, uni yo‘lda tutib olishadi va az-Zintan shahriga olib kelib, qamoqqa tashlashadi. Hatto 2015 yilda ushbu namoyishlarni bostirish bilan bog‘liq ish bo‘yicha o‘lim jazosiga ham hukm qilingan. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, qo‘zg‘olon va Kaddafiyni ag‘dargan urushda 15 000 gacha odam halok bo‘lgan. Liviya rasmiylari esa ushbu namoyishda 30 000 nafar odam halok bo‘lganini bildirgan. Biroq Saifning advokatlari uning sudi adolatli sud emas, balki otasi uchun qasos hujumi ekanligini aytishdi. Ammo 2017 yil o‘rtalarida umumiy amnistiya to‘g‘risidagi qonun asosida siyosatchi ozod qilingan.

2021 yil noyabr oyida u siyosiy sahnada yana paydo bo‘ldi va Liviyaning uzoq vaqtdan beri kechiktirilgan prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini qo‘yadi. Muxolifatchilar tomonidan u avtoritar boshqaruvchi sifatida baholandi hamda 2015 yilda chiqarilgan ayblov hukmi tufayli unga saylovlarda ishtirok etish taqiqlanadi. U qaror ustidan shikoyat qilishga uringanida, qurollangan shaxslar sud binosini o‘rab olgan, shundan so‘ng Liviyadagi saylov jarayoni to‘xtatilgan.

Hozir mamlakat ikkiga ajralgan holatida qolmoqda. Bengazi va Misr bilan chegaradagi sharqiy hududlar – general Halifa Haftar hokimiyati ostida. Poytaxt Tripoli va Tunis hamda Jazoir bilan chegara tomondagi g‘arbiy hududlarni turli kuchlar, jumladan, BMT tomonidan tan olingan milliy birlik hukumati nazorat qiladi. Bugungi kunda mamlakatda hal qilinmagan behisob muammolar bor. Inqilobdan keyin bir necha qurolli guruhlar paydo bo‘ldi va ular saylovlar natijalarini tan olmaydi.
 


Maqola muallifi

Teglar

BMT Liviya Halifa Haftar Tunis Tripoli Muammar Kaddafiy Saif al-Islom Kaddafiy Aguil Delhum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing