Vazirlik nomi o‘zgardi, ekopolitsiya tuzildi, hujjatlar imzolandi. Tabiatga xavf endi yo‘qoladimi?
Tahlil
−
21 noyabr 3635 8 daqiqa
O‘zbekistonda havo sifati kundan kunga yomonlashib borayotgan, odamlar toza havo olomayotganidan noliyotgan, O‘zgidromet deyarli har kuni aholiga ogohlantirish bilan chiqib, zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslik, chiqqan taqdirda ham niqoblardan foydalanishni tavsiya qilayotgan bir paytda, mamlakat rahbari Ekologiya masalasiga jiddiy e’tibor berish masalasida naqd ikki hujjatni imzoladi-ki, agar bu hujjatda yozilganlar amalda ifodasini topsa, yaxshi o‘zgarishlardan umid qilsa bo‘ladi. Bugun ushbu ikki hujjat haqida gaplashamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 19 noyabr kuni “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon va “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, davlat rahbari tomonidan qabul qilingan ushbu ikki hujjat aholi salomatligi haqida qayg‘urayotganlar, jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, ekologlar va faollarning yutug‘i bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Hujjatlar bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Uning raisi etib, Aziz Abduqahhorovich Abduhakimov tayinlandi. U bir vaqtning o‘zida Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimini ham egallaydi.
Qo‘mita o‘z faoliyatida bevosita faqat Prezidentgagina hisobdor bo‘ladi. Ya’ni Qo‘mita o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi hamda uning faoliyatiga ushbu mansabdor shaxslarning aralashuvi taqiqlanadi.
Qonunosti hujjatlarida belgilangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari, ularga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar bevosita Ekologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Endi hududiy bo‘linmalar va tuman (shahar) bo‘limlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi hamda o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi va Ekologiya qo‘mitasi oldida hisobdor bo‘ladi. Bundan tushunish mumkinki, endi ekologiya xodimlariga hokimlar daxl qilolmaydi.
Yodingizda bo‘lsa, joriy yilning oktyabr oyi oxirida Toshkentning Yakkasaroy tumani Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasidan boshlab avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan jami 174 tup daraxt va buta moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlangandi, bu orqali tabiatga 1 mlrd 460 mln 952 ming so‘m zarar yetkazilgandi.
O‘shanda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev ushbu holat haqida bong urib, daraxtlar Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning o‘sib turgan daraxtlar o‘rniga boshqa daraxtlar ekish to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi vaqtda kesib tashlanganini aytib chiqqandi.
Ammo “daraxtlar qirg‘ini” ortidan Rahmonovga hech qanday chora ko‘rilmadi, u yana suvdan quruq chiqdi. 8 noyabr kuni obodonlashtirish boshqarmasi mansabdorlari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismiga (o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lishi) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.
Agar Prezident tomonidan imzolangan hujjatlar ishlasa, yuqoridagi kabi holatlar ko‘zga tashlanmasligiga umid katta.
Endilikda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilishni istisno qilish yoki rioya etmasdan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasini berish, daraxt va butalarni kesish va ko‘chirishni nazarda tutuvchi Hukumatning qaror, farmoyish, bayonnoma va yozma topshiriqlarini hamda idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining hujjatlarini qabul qilish qat’iy taqiqlanadi.
2026 yil 1 apreldan boshlab ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi joriy etilmoqda. Moliyaviy sanksiyalar pul undirish (jarimalar) tarzida faqat yuridik shaxslarga qo‘llanadi.
Eng muhimi shuki, Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi – oddiy qilib aytganda Ekopolitsiya tashkil etilmoqda. Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy maxsus prokuraturalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xo‘sh, ekopolitsiya o‘zi nima ish qiladi, deysizmi? Tashkilot ekologik xavfsizlikni ta’minlash va bu boradagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga mas’ul bo‘ladi. Ularga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (elektroshok qurilmalarini) va xizmat qurolini (rezina o‘qli, to‘r otuvchi) qo‘llash huquqi beriladi hamda ularning maxsus kiyimiga bodi kameralar o‘rnatiladi.
Qabul qilingan ikki hujjat korxona va tashkilotlar, aholiga ham qator mas’uliyatlarni yuklashi tabiiy. Chunki ekologiyaning buzilishi faqat bir omilga bog‘liq emas. Issiqxona gazlari bo‘lsin, aholi uylarini isitish uchun yoqilayotgan mazut yoki avtomobillardan chiqayotgan ajralmalar,Toshkentdagi qurilishlardagi chang to‘zon, daraxtlar qirg‘ini, dunyo miqyosida kuzatilayotgan ekologik inqiriz va cho‘llanish, global isish, shaharlar infratuzilmasining tabiat bilan kelishilgan holda ishlab chiqilmagani, havo aylanishi to‘sqinlik qilayotgan binolar, odamlarning tabiatga nisbatan befarqligi, uni asrash haqida faqat havo buzilgan kunlardagina o‘ylab qolishi kabi unsurlarga hammamiz daxldormiz.
Shu bois, endilikda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha I va II toifaga mansub sanoat korxonalari 2026 yil 1 martga qadar o‘z hududlarida fon monitoring stansiyalarini o‘rnatish va ularni Ekologiya qo‘mitasining Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilish choralarini ko‘rishi kerak.
Belgilangan muddatda fon monitoring stansiyalarini o‘rnatmagan va ularni Milliy markazga integratsiya qilmagan I va II toifadagi korxonalarga nisbatan kompensatsiya to‘lovlarini besh baravarga oshirilgan holda qo‘llash tartibi joriy etiladi.
2026 yil 1 martdan boshlab tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan ozod qilish tarzida imtiyoz berish bilan bog‘liq barcha qonunchilik hujjatlari va huquqiy kuchga ega ko‘rsatmalar o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblanadi hamda ushbu masalada imtiyoz berish faqat qonun orqali amalga oshiriladi.
Eng muhimi va sizni xursand qiladiganini aytaymi? Endi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilishni istisno qilish yoki rioya etmasdan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasini berish, daraxt va butalarni kesish va ko‘chirishni nazarda tutuvchi Hukumatning qaror, farmoyish, bayonnoma va yozma topshiriqlarini hamda idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining hujjatlarini qabul qilish qat’iy taqiqlanadi. Ya’ni Hukumat va hokimlar daraxtlar ustidan hukmronlik qilolmaydi.
2026 yil 1 apreldan boshlab, o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt bilan qoplangan aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlari) yer maydonlarini olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga jamoatchilik tomonidan taqiq qo‘yish bo‘yicha tashabbus kiritish imkoni yaratiladi. Bundan tushunish mumkinki, daraxtlarni asrab qolish huquqi mutlaq xalqning qo‘liga o‘tyapti. Hokimlarning, Hukumatning arrasini Prezident o‘tmas qilib qo‘yyapti.
Daraxt bilan qoplangan yer maydoni joylashgan mahalla aholisining 10 foizidan kam bo‘lmagan qismi taqiq qo‘yishga rozilik bildirgan taqdirda, Ekologiya qo‘mitasi tomonidan ushbu maydonni olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga taqiq qo‘yiladi. Kadastr agentligi esa tegishli yer maydoni xususiy mulk hisoblanmasligi yoki boshqa yer toifasiga kirmasligini o‘rganib, ijobiy hollarda Ekologiya qo‘mitasi tomonidan ushbu maydonga qo‘yilgan taqiqni ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Pul bo‘lmasa kuch ham bo‘lmaydi. O‘sha spektaklda aytilganidek, tilni sayratadigan ham, dilni yayratadigan ham pul. Xo‘sh, buncha ishlarga pul qaydan? Ekologiya sohasidagi umummilliy loyihalar, ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida o‘tkaziladigan tadqiqotlar va amalga oshiriladigan loyihalar dasturlarini moliyalashtirish uchun Ekologiya qo‘mitasi huzurida Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilmoqda.
2026 yil 1 yanvardan boshlab mamlakat tomonidan tasarruf etiladigan uglerod birliklari savdosi natijasida hosil bo‘ladigan mablag‘larning 20 foizi, atrof tabiiy muhitning ifloslantirilgani va chiqindilarning joylashtirilgani uchun kompensatsiya to‘lovlari, tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishida aybdor bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslardan ma’muriy va sud tartibida undiriladigan jarimalar, moliyaviy sanksiyalar va pul mablag‘laridan ajratmalar, transport vositalarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imining 10 foizi.
Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan boshlab, pnevmatik rezina shinalar va pokrishkalar uchun hamda kelgusida yangi joriy etiladigan utilizatsiya yig‘imlarining 100 foizi, transport vositalarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imining 90 foizi, 2025 yilda respublika byudjetidan ajratiladigan 900 milliard so‘m, 2026 yilda respublika byudjetidan tadbirlar uchun maqsadli ajratiladigan 548 milliard so‘m Maxsus jamg‘arma manbasini shakllantirish manbasi sifatida xizmat qiladi.
Faqat jamg‘arma kengashi kelib tushgan mablag‘lardan ochiqlik va jamoatchilikka hisobdorlik tamoyillari asosida foydalanishi kerak. Maxsus jamg‘armaning daromadlarini shakllantirish va mablag‘laridan foydalanish tartibi Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan belgilanadi.
Soliq qo‘mitasi esa Ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda “Soliq” mobil ilovasi orqali jismoniy shaxslarga xarid summasining va respublika hududlari bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirganlik uchun xarajatlarning respublika byudjetidan qaytariladigan qismini ixtiyoriy ravishda daraxt ko‘chatlarini ekishga yo‘naltirish imkoniyatini yaratishi belgilandi.
Xo‘sh, bu hujjatlardan qanday foyda bo‘ladi? O‘zbekistonda tabiatni yaxshilash, ekologik muammolarni yechish uchun nima qilish mumkin. Siz fuqaro o‘laroq qanday hissa qo‘sha olasiz? Videoni ko‘rib, izohlarda yozib qoldiring.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr