Global nosozlik: X, ChatGPT, Spotify va boshqa servislar ishlamay qoldi

Olam

image

Bugun, 18 noyabr kuni dunyo bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlar, onlayn o‘yinlar, striming xizmatlari Cloudflare’da sodir bo‘lgan yirik nosozlik tufayli ishlamay qoldi. Nosozlik haqida Cloudflare saytida bayonot berildi.

Masalan, ChatGPT kabi servisdan foydalanishga uringanda foydalanuvchi nosozlik haqida xabar ko‘radi.

“Siz davom etish uchun challenges.cloudflare.com xizmatini blokdan chiqarishingiz kerak”, deyiladi internet-resursning bosh sahifasida paydo bo‘ladigan yozuvda.

Hodisa hatto tarmoqdagi nosozliklarni kuzatib boruvchi Downdetector xizmatiga ham ta’sir qilgan. Shuningdek, ko‘plab foydalanuvchilar Spotify yoki X ijtimoiy tarmog‘idan foydalana olmaganini bildirgan.

Cloudflare esa nosozlikni tasdiqlab, uni bartaraf etish bo‘yicha ishlar davom etayotganini ma’lum qilgan.

Muammo nimadan kelib chiqqan?

Cloudflare hodisa “keng ko‘lamli 500-xatoliklar, boshqaruv paneli va API ishlamay qolishi”ga bog‘liq bo‘lganini bildirgan. 500-xatolik kodi serverning kutilmagan holatga duch kelib, so‘rovni bajara olmasligini anglatadi. Ya’ni server muammo borligini biladi, lekin sababni aniq ko‘rsata olmaydi.

Muammoni bartaraf etish jarayonida Cloudflare Buyuk Britaniya foydalanuvchilari uchun ayrim xizmatlarni vaqtincha o‘chirib turishga majbur bo‘lgan.

“Biz Cloudflare Access va WARP xizmatlarining tiklanishiga imkon bergan o‘zgarishlar kiritdik. Access va WARP foydalanuvchilaridagi xatoliklar darajasi hodisa avvalidagi holatga qaytdi. Londonda WARP ulanishi qayta yoqildi”, deb yozdi kompaniya o‘z sahifasida.

Ma’lumot uchun, Cloudflare – bu internetdagi saytlar va onlayn xizmatlarni tezroq, xavfsizroq va ishonchliroq ishlashini ta’minlaydigan yirik texnologik kompaniya. U saytlar va platformalar uchun “oraliq himoya qatlami” sifatida ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili mart oyida Meta kompaniyasiga tegishli Facebook, Messenger va Instagram tarmoqlarida butun dunyo bo‘ylab uzilishlar sodir bo‘lgandi, yarim milliondan ortiq foydalanuvchi ijtimoiy media ilovalariga kira olmay qolgandi.


Maqola muallifi

Teglar

ChatGPT Spotify Cloudflare

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing