OpenAI ChatGPT’da reklama paydo bo‘lishini e’lon qildi

Texnologiya

image

OpenAI ChatGPT’da reklama joylashtirilishini e’lon qildi. Sinovlar yaqin haftalarda AQSHda bepul versiya va ChatGPT Go (oyiga 8 dollar) tarifidagi foydalanuvchilar uchun boshlanadi. Bu haqda kompaniyaning rasmiy saytida e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, Plus, Pro, Business va Enterprise obunachilari reklama ko‘rmaydi. Shu bilan birga, kompaniya ChatGPT Go tarifini chatbot ishlaydigan barcha mamlakatlarda joriy etmoqda.

Reklama e’lonlari ChatGPT javoblarining pastki qismida, suhbat konteksti ma’lum bir mahsulot yoki xizmatga mos kelganda paydo bo‘ladi. Kompaniyaga ko‘ra, reklama neyrotarmoq javoblarining mazmuniga ta’sir qilmaydi.

“Javoblar siz uchun eng foydali bo‘lgan ma’lumotlar asosida optimallashtiriladi. Reklama har doim alohida joylashtiriladi va aniq belgilab qo‘yiladi”, deyiladi xabarda.

Kompaniya, shuningdek, foydalanuvchi ma’lumotlarini reklama beruvchilarga sotmasligini, voyaga yetmaganlarga reklama ko‘rsatmasligini hamda sog‘liq, ruhiy salomatlik va siyosat kabi nozik mavzular yonida e’lonlar chiqmasligini va’da qilmoqda.

Foydalanuvchilar reklama personalizatsiyasini o‘chirib qo‘yishlari va targeting uchun ishlatiladigan ma’lumotlarni o‘chirishlari mumkin bo‘ladi. Kelajakda OpenAI interaktiv formatlarni rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI Walt Disney bilan uch yillik litsenziya shartnomasini imzolagandi. Endi ChatGPT Images va Sora foydalanuvchilari Disney, Marvel, Pixar va Star Wars olamiga mansub 200 dan ortiq personajlardan tasvirlar va videoroliklar yaratishda foydalanishi mumkin bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

ChatGPT OpenAI

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing