Gonkongda dahshatli yong‘in. Qurbonlar soni 40 dan oshib ketdi (video)
Olam
−
27 noyabr 3591 2 daqiqa
Bugun, 27 noyabrga o‘tar kechasi Gonkongda yetti qavatli turarjoy binosi yonib ketdi, 40 dan ortiq odam ham yonib halok bo‘ldi. Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.
Gonkongning maxsus ma’muriy hududi rahbari Jon Li kamida 44 kishi vafot etganini, 270 dan ortiq odam bedarak yo‘qolganlar sifatida ro‘yxatga olinganini ma’lum qilgan.
Yong‘in shaharning shimolidagi Tay Po tumanida joylashgan turarjoy majmuasida boshlangan. O‘t avval bambukdan qurilgan qurilish maxsulotlarida tezda tarqalib, so‘ng yuqori qavatli bir nechta binolarga o‘tgan.
Yong‘in xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Wang Fuk Court majmuasidagi sakkiz binoning kamida yettitasini olov qamrab olgan. Halok bo‘lganlar orasida yong‘in vaqtida aloqasi uzilgan va keyinchalik kuygan holda topilgan bir nafar o‘t o‘chiruvchi ham bor.
Hukumat yong‘inga eng yuqori – beshinchi darajadagi xavf toifasini bergan. Gonkongda bunday daraja oxirgi bor 2008 yilda qo‘llangan. Yong‘in juda tez tarqalgan bo‘lib, bunga kuchli shamol va uchib ketayotgan chiqindilar sabab bo‘lgan. Yong‘inning rasmiy sababi hali aniqlanmagan, lekin mahalliy aholining avvalgi shikoyatlariga ko‘ra, binoda ta’mirlash olib borayotgan ishchilar chekishgan bo‘lishi mumkin.
Yong‘inni o‘chirish ishlarida 700 dan ortiq xodim qatnashgan. Ertalabgacha bir nechta o‘choqlarni to‘liq bartaraf etish ishlari davom etgan.
Shuningdek, yong‘in bilan bog‘liq holda 52 dan 68 yoshgacha bo‘lgan uch erkak qo‘lga olingan. Ular binoda ta’mirlash ishlari olib borgan qurilish kompaniyasi xodimlari bo‘lib, ikki nafari rahbar, biri esa muhandis-konsultant ekani aytilmoqda. Politsiyaning ma’lum qilishicha, binolarning tashqi qismida o‘rnatilgan materiallar yong‘inga chidamli emasligi aniqlangan. Huquq-tartibot idoralari kompaniya rahbariyatini beparvolikda ayblab, bu yong‘inning nazoratsiz tarqalishiga va ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lganini bildirgan.
Xitoy davlat telekanali xabariga ko‘ra, Xitoy yetakchisi Si Szinpin halok bo‘lganlar va jabrlanganlar oilalariga ta’ziya izhor qilgan.
Wang Fuk Court majmuasi 1983 yilda dengiz bo‘yida va yirik avtomagistrallar yaqinida qurilgan. U sakkizta turarjoy blokidan iborat bo‘lib, jami 1984 ta xonadon mavjud. 2021 yilgi aholi ro‘yxatiga ko‘ra, bu yerda taxminan 4600 kishi yashagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorvatiya poytaxti sanalmish Zagreb shahrida 16 qavatli bino yonib ketgandi. Hodisa oqibatida bir nechta vazirliklarning arxivlari yonib ketgan.
Live
Barchasi