BMT Karimov davrida qamalgan Karimova oshxonada sudlanganini da’vo qilmoqda
Tahlil
−
10 iyul 26669 10 daqiqa
8 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi sobiq Fond forum Vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimova 53 yoshni qarshiladi.
Ko‘p yillardan buyon hibsda qolayotgan va qamalishi bilan bog‘liq voqealar hamon jamoatchilik uchun sirli bo‘lgan xonim Karimovaning yana bir yoshni qarshilashi ijtimoiy tarmoqlarda avvalgidek tabriknomalar orqali nishonlanmadi. Aksincha, uning o‘rniga tarmoqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhining hisobotidan muhim tezislar tarqatildi. Ushbu tezislarni birinchi bo‘lib Gulnora Karimovaning Angliyada qolayotgan o‘g‘li Islom Karimov va qizi Imon Karimova Instagram’dagi sahifasiga joylashtirdi. Xo‘sh, bu hisobot nima haqida? Unda nima deyilgan va rasmiy Toshkentning javobi qanday? Bugun shular haqida gaplashamiz.
BMTning Inson huquqlari kengashi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti marhum Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2014 yilda hech qanday ordersiz va tushuntirishlarsiz, o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan, deb hisoblamoqda. Hisobotda aytilishicha, uning birlamchi sudi 2015 yilda Toshkentda o‘zi yashayotgan uy oshxonasida o‘tkazilgan, unga davlat tomonidan tayinlangan ikki advokat bilan muloqot qilish imkoni berilmagan, oshxonada o‘tgan sudda Karimova 5 yilga uy qamog‘iga hukm qilingan. Karimova ishi bo‘yicha ikkinchi sud 2017 yilning 18 dekabr kuni Toshkent viloyat sudida yopiq tarzda o‘tgan. Unga sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati kiritish imkoniyati berilmagan. U sud hukmi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va 2018 yilning yanvarida Toshkent viloyatidagi jazo koloniyasiga o‘tkazilgan. 2019 yilning sentyabrida Gulnora Karimovaga qarshi uchinchi jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u 13 yil-u to‘rt oyga ozodlikdan mahrum qilingan.
Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, barcha sud jarayonlari yopiq va noshaffof o‘tkazilgan, Gulnora Karimovaga o‘z huquqlarini himoya qilish, ayblovlarni rad etish imkoniyati berilmagan. Guvohlar ham so‘roq qilinmagan. Ishchi guruh esa buni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3, 8, 9, va 11-moddalari va Siyosiy hamda fuqarolik huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktning 2, 9 va 14-moddalarida ko‘zda tutilgan huquqlari buzilgan.
BMT nomidan gapirmaydigan mustaqil ekspertlar O‘zbekiston hukumatini qonunbuzarliklarni zudlik bilan bartaraf etishga va xalqaro huquq talabiga ko‘ra Karimovaga tovon puli to‘lashga chaqirmoqda. Ular, shuningdek, uning hibsga olinishi holatlari mustaqil tergov qilinishini talab qilmoqda. “Aybdorlar jazolanishi kerak”, demoqda ekspertlar.
BMT Ishchi guruhiga shikoyat Karimovaning Jenevada joylashgan advokatlari tomonidan 2021 yilda berilgan. Ular o‘z mijozlari huquqlarining “tizimli ravishda buzilishi”ni da’vo qilgan. Ularga ko‘ra, Karimova birinchi sudgacha 18 oy uy qamog‘ida saqlangan va sud jarayonlarining o‘zi ham “soxta bo‘lgan”. Advokatlar, shuningdek, Shveysariya va G‘arb sud organlarini “adolatsizlikni qonuniylashtirishda” aybladi.
Ayni paytda, Shveysariyada Karimova yirik miqdordagi pul yuvish bo‘yicha jinoiy ishda ayblanuvchi sifatida qolmoqda. Shveysariya Federal prokuraturasi uning faoliyati va bir qancha kompaniyalari vakillarining faoliyatini tekshirmoqda. Ish doirasida 800 million Shveysariya franki muzlatilgan.
Shveysariya ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, ushbu mablag‘larning bir qismini – qariyb 131 million dollarni O‘zbekistonga qaytarishga rozi bo‘ldi. Uzoq davom etgan sud jarayonlaridan so‘ng, 2021 yilda Federal Jinoyat sudi nihoyat Shveysariya foydasiga yana 293 million frankni musodara qilishga qaror qildi.
Ishchi guruhning xulosasida Karimova va Shveysariyadagi pul yuvishga oid jinoyat ishi bir necha bor tilga olingan. Garchi mazkur xulosa yuridik kuchga ega bo‘lmasa-da, himoyachilar undan Shveysariya prokurorlarining ayblovlarini shubha ostiga qo‘yish uchun foydalanishlari mumkin.
Karimovaga 2023 yilda Shveysariya prokuraturasi tomonidan rasman ayblov qo‘yilgan. Unga ko‘ra, u O‘zbekistonda yirik telekommunikatsiya shartnomalarini taqdim qilish evaziga xalqaro kompaniyalardan millionlab dollar pora olgan. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ish doirasida 985 million AQSH dollariga teng aktivlar – bank hisoblari, mulk, naqd pul va qimmatbaho buyumlar musodara qilingan.
1796 yilda tashkil etilgan va Jenevada joylashgan Lombard Odier banki 2012 yilda o‘zining sobiq xodimiga aloqador shubhali operatsiyalar haqida rasmiylarga xabar bergan. Shu asosda tergov ishlari boshlangan. Bank BMT xulosasiga izoh berishdan bosh tortgan.
BMT ishchi guruhining avval ommaga ma’lum bo‘lmagan xulosasiga ko‘ra, Karimova 2014 yilda, ya’ni hali otasi Prezidentligi davrida O‘zbekistonda ordersiz, o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olingan. U o‘zi yashaydigan uyning oshxonasida shoshilinch ravishda o‘tkazilgan sudda firibgarlik hamda o‘zlashtirish ayblovlari bilan sudlangan.
Karimovaning advokatlari – Greguar Manja va Fanni Margayrazning ta’kidlashicha, BMT xulosasi Shveysariya prokuraturasi uchun jiddiy ogohlantiruvchi signal bo‘lishi kerak. Chunki, ularga ko‘ra, prokuratura o‘z ayblovlarida O‘zbekistondagi “soxta va adolatsiz sud qarorlari”ga tayangan.
Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, Karimovaga nisbatan munosabatlar uning erkinlik, adolatli sud va aybsizlik prezumpsiyasi huquqlarini buzgan. Guruh uning aybdorligi yoki aybsizligi masalasiga baho bermagan. O‘zbekiston Hukumatini esa Gulnora Karimovaning huquqiy maqomini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, yetkazilgan zarar uchun to‘liq kompensatsiya to‘lash, fuqarolik huquqlari va qonuniy erkinliklarini to‘liq tiklashga chaqirmoqda.
Albatta, bu chaqiruvlar va Ishchi guruhning xulosalariga nisbatan O‘zbekiston Hukumati ham jim o‘tirmadi. Hukumat 10 banddan iborat javob bayonotini e’lon qildi.
Birinchidan, Hukumat Ishchi guruhning fikri Manba tomonidan taqdim etilgan bir tomonlama sub’ektiv ma’lumotlar asosida shakllantirilgani, O‘zbekiston Hukumatining bu borada rasmiy javobi taqdim etilgani, ammo u rasmiy protsessual muddatlar tufayli e’tiborga olinmaganidan tashvish bildiradi. Bunday yondashuv BMT organlari amal qilishi zarur bo‘lgan xolislik va beg‘arazlik prinsiplariga putur yetkazadi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston o‘zaro hurmat, xalqaro huquq normalariga rioya qilish va ikki yoqlama standartlarga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillariga asoslangan muloqot va xalqaro hamkorlik uchun hamisha ochiq.
Uchinchidan, Gulnora Karimovaga nisbatan barcha jinoiy ishlar jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilik normalariga qat’iy rioya qilgan holda, shuningdek, mamlakatning xalqaro majburiyatlarini, jumladan, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini inobatga olgan holda qo‘zg‘atilgan hamda ko‘rib chiqilgan.
To‘rtinchidan, himoyaga bo‘lgan huquq va odil sudlov huquqi jinoyat protsessining barcha bosqichlarida ta’minlangan. Gulnora Karimova mustaqil ravishda tanlangan yoki belgilangan tartibda tayinlangan himoyachilarga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan. Jinoyat ishiga oid materiallar bilan tanishish, qarorlar ustidan shikoyat qilish hamda himoyachi bilan muloqotning maxfiyligi tamoyiliga rioya qilingan.
Beshinchidan, Gulnora Karimova ishi bo‘yicha sud qarorlari vakolatli sudlar tomonidan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, jumladan, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, jinoiy daromadlarni legallashtirish, davlat mulkini g‘ayriqonuniy o‘zlashtirish, firibgarlik va davlatga juda katta miqdorda zarar yetkazgan boshqa jinoyatlar sodir etilganligini tasdiqlovchi yetarli dalillar asosida chiqarilgan.
Oltinchidan, Karimovaning 2014 yilda go‘yoki o‘zboshimchalik bilan hibsga olingani, uzoq muddat uy qamog‘ida saqlangani, “oshxonadagi sud” va boshqa shu kabi da’volar asossizdir. Barcha protsessual harakatlar va sud muhokamalari protsessual qonunchilik normalari va talablariga to‘liq muvofiq holda o‘tkazilgan. Hozirgi vaqtda mahkuma sud qarorlari ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Yettinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati mazkur ish bo‘yicha siyosiy sabablar mavjudligi to‘g‘risidagi da’volarni qat’iyan rad etadi. Huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining barcha harakatlari faqat sudlanuvchining jinoiy harakatlarni sodir etishdagi aybini to‘liq tasdiqlovchi huquqiy va daliliy jihatlarga asoslangan bo‘lib, uning qonuniy iqtisodiy faoliyati va/yoki siyosiy mavqei yoki qarashlariga daxl qilmagan.
Sakizinchi bandda 2022 yilda Shveysariya Konfederatsiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi Bitim doirasida Gulnora Karimova ilgari jinoiy yo‘l bilan orttirgan va qaytarilgan moliyaviy mablag‘lardan O‘zbekiston Hukumatining islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun foydalanish maqsadida “Vision 2030” jamg‘armasi tashkil etilgani ta’kidlangan. Jamg‘arma boshqaruvi BMTning Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshirilayotgani urg‘ulangan.
To‘qqizinchi bandda aytilishicha, O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini vijdonan bajarib kelmoqda va BMT mexanizmlari, jumladan, maxsus tartib-taomillari bilan konstruktiv muloqotni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
O‘ninchi bandda esa aniq-tiniq bildirilishicha, Hukumat xalqaro tuzilmalarda o‘z obro‘sini himoya qilish, shuningdek, ishonchli axborotni manfaatdor tomonlarning keng doirasiga tushuntirish bo‘yicha keyingi qadamlarni qo‘yish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
Joriy yil boshiga qadar Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-son ayollar uchun ixtisoslashtirilgan koloniyada saqlangan edi. QALAMPIR.UZ'ga ma’lum ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil yanvar oyida Karimova Zangiota tumanidagi 42-sonli manzil-koloniyaga o‘tkazilgan.
Unga qo‘yilgan ayblovlarga nazar tashlasak, Karimova Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Bosh prokuraturaning 2017 yilda bergan ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, unda Karimovaga 2013 yil 24 oktyabrda bir nechta MCHJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, mazkur jinoyat ishini tergov qilish davomida Gulnora Karimova 2001-2012 yillarda Sodiqov, 2013 yilning yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar Madumarov rahbarlik qilgan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga bevosita ko‘maklashib kelgani aniqlangani aytiladi.
O‘sha vaqtda prokuratura Gulnora Karimova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik), 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 179-modda (Soxta tadbirkorlik), 184-modda (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 227-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish bilan ayblanganini aytgan. Yuqorida aytganimizdek, Karimova 2017 yilning dekabr oyida 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. O‘shanda unga insonparvarlik nuqtayi nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganini e’tiborga olgan holda Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgandi.
Bu jazoni o‘tash joyi etib, uning o‘z tanloviga ko‘ra, qizi Imon Karimovaning yashash joyi belgilangan. Shu bilan birga, mahkuma Gulnora Karimova zimmasiga qonunchilikda nazarda tutilgan qator cheklovlar, shu jumladan, yashash joyidan chiqib ketmaslik, aloqa vositalaridan va internetdan foydalanmaslik hamda zararni qoplash majburiyati yuklatilgan.
Keyinchalik, Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangani aytildi va u Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasiga joylashtirilgan.
Oliy sudning 2020 yilda bergan ma’lumotiga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan va sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topgan.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilangan.
Gulnora Karimova otasi vafot etgan 2016 yilda ham xalq nazaridan chetlashtirilgan edi. U janoza marosimlarida qatnashgan, otasini so‘nggi manzilga kuzatganmi yo yo‘q, bunisi hamon noma’lum. Rasmiy janoza marosimlarida va Karimovlar oilasidan faqat Islom Karimovning bevasi Tatyana Karimova va kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva ko‘rinish bergan. Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom esa onasi hibslanganidan buyon Londonda qolmoqda. Qizi Imon Karimova esa 2017 yil Oqsaroy majmuasida Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xotira tadbirida holasi Lola Karimova bilan ko‘rinish berganidan buyon oila nomidan Toshkentda anchayin faol. Oilaning kenjasi Lola Karimova esa O‘zbekistondagi barcha faoliyatlaridan voz kechib, AQSHga ko‘chib o‘tgan.
Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov bundan bir necha yillar avval bergan intervyusida onasi va xolasi munosabatlari ko‘p yillar avval buzilganini aytib, bunda bobosi va buvisini ayblagandi. Jumladan, Tatyana Karimovaning ham qizi Gulnora bilan orasi buzilgani jamoatchilikka ma’lum edi. Ammo so‘nggi yillarda oiladagi barcha rishtalar tiklangan. 8 iyul kuni Lola Karimova birinchi marta ijtimoiy tarmoqlar orqali opasi Gulnorani tavallud kuni bilan tabrigini ifoda etuvchi, post joylashtirdi. Tatyana Karimova esa bir necha bor Gulnora Karimova saqlanayotgan koloniyaga borgani ma’lum.
Live
Barchasi